Hafta insoni: Taniqli prodyuser va tadbirkor Parviz Yaxyayev
Toping.uz yangi sahifani yoʻlga qoʻymoqda. Unda oʻz yoʻnalishida koʻplab yutuqlarga erishgan va muvaffaqiyatli karyera qurib kelayotgan turli soha vakillari bilan suhbatlarni oʻqishingiz mumkin. Loyihamizning ilk soni mehmoni — prodyuser Parviz Yaxyayev.
Qanday qilib prodyuserlik faoliyatiga kirib keldingiz?
Men faoliyatimni suratkashlikdan boshlaganman. Insonlar, ularning hissiyotlari va atrof-muhitni bor ranglarida suratga olishga juda qiziqardim. Bunga esa hayot goʻzalligi sabab boʻlgan.
Men 5 yil davomida fotograflik bilan shugʻullandim, Samarqandda hech bir muhim tadbir mening ishtirokimsiz oʻtmasdi. Lekin bir kun uygʻondim va bu ish menga kamlik qilishini, u bilan hayotimni bogʻlay olmasligimni tushundim.
Shundan soʻng kasbimni oʻzgartirish haqida jiddiy oʻylay boshladim. Ammo oʻz sohamga yaqin biror ishni tanlashim kerak edi. Chunki men ijodkorman va doimiy qaynoq ijod muhitida boʻlib turmasam, oʻzimni qafasdagi boʻridek his qila boshlayman.
Sohadagi qaysi jihatlar sizga koʻproq yoqadi?
Men estetizm tarafdoriman, yaʼni sanʼatning faqat tashqi shakllarigagina eʼtibor beradigan odamman. Men oʻzim koʻrgan goʻzallikni boshqalarga ham chiroyli tarzda koʻrsatishni xush koʻraman. Shu bilan birga, menda tashkilotchilik qobiliyati ham yuqori.
Demak, menga prodyuserlik faoliyati toʻgʻri keladi. Va shu sababli uzoq yillardan beri ijodiy jarayonlarda texnik rahbar sifatida ishlab kelyapman. Soha vakili suratga olish jarayonlarini nafaqat ichidan, balki butunligicha tashqi tomondan ham kuzatib, nazorat qila oladi.
Men tasvirga olish jarayonini toʻlaqonli ravishda boshqara olaman. Har doim jarayonni nazorat qilib, ishlar oʻz oʻrnida boʻlishini tekshirib boraman. Bu rejissyorlikdan ham muhimroq kasb, menimcha. Chunki prodyuser butun jarayonni yuqoridan sovuq nigoh bilan kuzatadi.
Shu paytgacha qaysi mashhurlar bilan ishlagansiz?
Men birgalikda ishlagan hamkasblarimning hech birini alohida ajratib koʻrsata olmayman. Men turli shaxslar bilan ishlash baxtiga muyassar boʻldim, ular orasida mashhurlari ham, unchalik taniqli boʻlmaganlari ham, mutlaqo notanishlari ham bor edi.
Oddiy toʻy va qisqa reklamalardan tortib, tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan toʻliq metrajli kinogacha boʻlgan barcha formatlarda suratga olib koʻrdim. Gap shundaki, men kim bilan ishlashimdan qatʼi nazar, har bir jamoadan nimanidir oʻrgandim, oʻzim uchun xulosalar oldim.
Ishda boʻlganimda — men jarayonga toʻliq shoʻngʻiyman. Lekin ochilib ketishim uchun qulaylik kerak. Qulaylik atrofdagi jamoaga bogʻliq. Qiziqarli jarayonlar esa doimo boʻlgan va boʻlib kelmoqda, lekin bularning barchasi mijozlar bilan bogʻliq. Bu holatlarni alohida maqola qilsa boʻladi.
Tadbirkorlik faoliyati qachon va qay yoʻsinda boshladingiz?
Oʻylaymanki, bunga uch sabab bor: men bir joyda turishni yoqtirmayman, men ijodda chegara yoʻqligiga ishonaman va yaxshi yashashni yaxshi koʻraman. Men har jihatdan ijodkor odamman, shuning uchun nima qilsam ham, hamma narsaga gʻayrat va kreativlik bilan yondashaman.
Men ijodkorlikni dinamik soha deb hisoblayman. Bugun sizga mana shu usulda ishlash yoqadi, lekin ertaga siz boshqacha yoʻlni xohlaysiz. Shuning uchun men bir joyda turib, bir narsa bilan shugʻullanolmayman. Men butun umrimni bir ishga bagʻishlaydigan odamlardan emasman.
Bundan mening turli xil parallel loyihalarim kelib chiqadi, ularda men oʻz ijodiy salohiyatimni ishga solishim, doimiy harakat bilan quvvatlanishim va yakuniy motivatsiya sifatida — barcha ishdan ilhom va zavq olishim mumkin. Yana turli odamlar bilan tanishib, muloqot qilish imkoniga ega boʻlaman.
Biznes faoliyati nimasi bilan sizni oʻziga jalb qiladi?
Hozirda Toshkent shahrida Birga marketing agentligi faoliyatini yoʻlga qoʻyamiz. Yaqinda uni ochganimizga ham 2 yil boʻladi. Bu davr mobaynida ne-ne dovonlardan oʻtishga, qiyinchiliklarni yengib, yutuqlardan mast boʻlmaslikka harakat qilib kelyapmiz.
Marketing sohasi alohida oʻrganiladigan yoʻnalish emas. Kuchli marketolog faqat tugʻma boʻlishi mumkin deb hisoblayman. Ha, bu juda boʻrttirilgan taʼrif. Inson oʻz ustida ishlab, soha mutaxassisi boʻlishi mumkin. Ammo tabiatan xushchaqchaq odamlar bizning sohada muvaffaqiyatga osonroq erishadi.
Bozorda bu soha hali yangi boʻlgani sababli koʻpchilik kompaniyalarga, jumladan, bizga ham tajribali kadrlar yetishmaydi. Ammo biz bu muammoni deyarli hal qildik. Hozirda jamoadagi yigit-qizlarning barchasi bilan bir necha yildan beri turli loyihalarda birga ishlab, ularni oʻz sohasining professionaliga aylanganini koʻrdik.
Men uchun marketing olami doim qiziqarli va jumboqli boʻlib qoladi. Uning ufqlari hozircha toʻliq ochilmagan. Biz bu bozorda birinchi ishtirokchilardan boʻlib, uning oyoqqa turishini maroq bilan kuzatyapmiz va oʻzimizning ham kichik hissamizni qoʻshyapmiz. Soha rivojlansa, undagi ishtirokchilar ham kattaroq manfaatga ega boʻladi, deb oʻylayman.