Hafta insoni: Taniqli xonanda va bastakor Sanjay
“Hafta insoni” ruknining bu safargi mehmoni mashhur xonanda, shoir va bastakor SanJay. Biz qoʻshiqchi bilan sanʼat sohasidagi faoliyati, ushbu faoliyat turining oʻziga xosliklari va yaqin kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.
Sanjar Javberdiyev (1978-yilda tugʻilgan) — asli navoiylik. Rus, tojik va oʻzbek tillarida qoʻshiqlar kuylaydi. Koʻp yil davomida Rossiyada yashab, faoliyat koʻrsatdi, 2010-yilda Checheniston Respublikasi Xalq artisti unvoni sohibi boʻldi.
Sanjay taxallusini nima sababdan tanlagansiz?
Men koʻp yillar musiqa bilan shugʻullanganman. Doim sanʼatga mehrim boʻlakcha boʻlgan. Bolalik paytlarimdanoq tunukalarni urib, usulga tushirib yurardim.
Keyinchalik turli xonandalarga shogird tushib, sozandalik va qoʻshiqchilik sirlarini oʻrgandim. Oʻzim hatto musiqiy guruh tuzib, chiqishlar qila boshladim.
Ana oʻsha paytlar, ism va familiyamning birinchi boʻgʻinlarini jamlab, SanJay taxallusini olish fikri kelgandi. Koʻpchilik buni hind aktyori bilan adashtirishadi.
Siz ommaviy hasharlar ham tashkil etgansiz, bundan foyda boʻldimi?
Albatta, birinchi navbatda hasharlar oʻsha yerda yashovchilar uchun foydali boʻladi. Chunki tevarak-atrof toza boʻlsa, bahri-dilingiz ochiladi. Bundan tashqari, toza joyni hech kim iflos qilgisi kelmaydi.
Men 2021-yilda Toshkent shahrida chiqindilar toʻplanib qolmasligi uchun odamlarni befarq boʻlmaslikka chaqirib chiqish qilgandim. Oʻshanda hokimlik menga Shayxontohur tumani obodonlashtirish boʻlimida ishlashni taklif qilgan.
Ammo shahar tozaligini taʼminlash uchun masʼul lavozimda ishlash shart emas deb hisoblaganman. Shu sababli doimiy ravishda hasharlar tashkil etishni odat qilgandim. Oʻshanda bir kunda 50 dan ortiq toʻplanib, belgilangan hududni tozalardik.
Sizga “Karvon” qoʻshigʻi mashhurlik olib keldimi yoki boshqa sabablar ham bormi?
“Karvon” meni oʻzbek xalqiga tanitdi deb hisoblamayman. Chunki undan keyin chiqarilgan “18 ming olamʼ taronasini ham yaxshi qabul qilishdi. Uni hozirgacha tadbirlarda ijro etish uchun meni taklif qilishadi.
Agar ”Karvon“dan keyin birorta ham hit qoʻshiq chiqarmaganimda, meni kaverchi xonanda deb atash mumkin boʻlardi. Shu sababli bu fikrga qoʻshilmayman. Hozir ham bir qancha mashhur qoʻshiqlarim bor.
Ayniqsa, 1 yil oldin chiqqan ”Pulning kuchin koʻring, onajon" deb nomlangan qoʻshiq va unga ishlangan klip juda ham ommalashdi. Bunday tarona anchadan beri oʻzbek shou-biznesida yaratilmagandi deb taʼkidlashdi.
Qachon yangi ijod namunalarini kutsak boʻladi?
Hozir koʻpgina musiqiy loyihalar ustida ishlayapmiz. Ayrimlarida xonanda sifatida, boshqalarida esa bastakor sifatida ishlayapman. Yaqinda bitta yangi taronamni klipi bilan birgalikda taqdim etmoqchiman.
Buning uchun ayni paytda tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Unda koʻplab yangiliklar boʻladi. Muxlislarning kutilmalarini oqlash uchun ertayu-kech ijoddamiz. Har bir kun biz uchun oʻta qadrli desam, adashmayman.
Bundan tashqari, Instagram sahifamda turli xonandalarning mashhur qoʻshiqlari va chet ellik sanʼatkorlarning shedevr asarlarini kuylab, videolar joylab boraman. Bu ham juda ommalashyapti, muxlislar ham xursand.
Sanʼat sohasiga qiziqadigan yoshlarga qanday maslahatlar bera olasiz?
Hamma sohada boʻlgani kabi bu yerda kitob oʻqish asosiy oʻrinda turadi. Chunki soʻz boyligi boʻlgan xonanda hech qachon mavzu toʻpib, qoʻshiq yozishga qiynalmaydi.
Undan keyin ovoz imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlash kerak. Ha, xonandalik ilohiy isteʼdod hisoblanadi. Lekin uni mashq qilish orqali ham rivojlantirish mumkin.
Doimiy oʻrganish va harakat sizni har bir sohada professionalga aylantiradi. Bundan tashqari, doim trendlarni kuzatib borish kerak. Bu ham xonandalarga yangicha uslubda mashhur qoʻshiq yaratishga yordam beradi.