Hans Zimmer Marvel loyihalari uchun musiqa yozishdan voz kechdi


“Oskar” mukofoti sohibi, “Karib dengizi qaroqchilari” va “Interstellar” kabi filmlar uchun musiqa yozgan kompozitor Hans Zimmer superqahramonlar kinosi, xususan, Marvel kinostudiyasi filmlari uchun saundtreklar yaratishni istamasligini e’tirof etdi.
“Vaqt noqulay edi. To‘g‘risini aytsam, hozir men boshqa narsani izlayapman. Bunday deyish men tomondan juda takabburlik bo‘ldi. Kevin Faygi [Marvel Studios prezidenti] menga: “Hans, nimadan nolimoqchisan o‘zi?” dedi”, - deya eslaydi Zimmer Happy Sad Confused podkastida.
U shuningdek, ilgari uchta superqahramon loyihasi — “Betmen”, “Po‘lat odam” (Superman) va “Mo‘jiza ayol” uchun musiqa yozganini ta’kidladi.
“Xo‘sh, kimga musiqa yozishimni xohlaysiz? Ikkinchi darajali qahramonlargami? Chamasi, shunday”.
Yaqinda Zimmerning “Dyuna 2” saundtreki birinchi qismdan ko‘p o‘xshashliklar tufayli “Oskar” mukofotiga nomzodlikdan chetlashtirildi. Bu yoz kompozitorning musiqasini Brad Pitt ishtirokidagi “Formula-1” filmida tinglash mumkin bo‘ladi.
Hozirda Marvel’ning Beshinchi kinematografik bosqichi yakuniga yetmoqda. Fevral oyida tanqidchilar tomonidan turlicha baholangan yangi “Kapitan Amerika” filmi ekranlarga chiqdi. May oyiga Florens Pyu va Sebastian Stan ishtirokidagi “Momaqaldiroqchilar” filmining namoyishi rejalashtirilgan. Oltinchi bosqich shu yilning iyul oyida “Fantastik to‘rtlik” filmi bilan boshlanadi.