Wildberries kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi platforma yaratmoqda
Moskvada Russ guruhi va Wildberries bozori tomonidan yaratilgan RVB MCHJ yangi qoʻshma kompaniyasi roʻyxatga olindi. Maʼlumotlar yuridik shaxslarning yagona davlat reyestrida mavjud.
RVB platformasi oʻrta, kichik va mikro biznesni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Bu ularning mahsulotlarini Rossiya, MDH mamlakatlari, shuningdek, Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq, Hindiston va Xitoyda ommalashtirishga yordam beradi va 5,8 milliarddan ortiq auditoriyani qamrab oladi.
Yangi kompaniyani Russ bosh direktori Robert Mirzoyan boshqaradi. Wildberries MCHJ kompaniyaning 65 foiziga, Stinn MCHJ (Russʼning bosh kompaniyasi) esa 35 foizga egalik qiladi.
Russ va Wildberries qoʻshma raqamli savdo platformasini yaratish rejalari haqidagi hisobotlar iyun oyi oʻrtalarida paydo boʻlgandi. RBK suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, yangi loyiha Amazon, Alphabet va Xitoyning Alibaba kompaniyalariga raqobatchi boʻlishi kutilmoqda.
Nashrning yozishicha, birlashgan kompaniya logistika markazlari, omborlar, doʻkonlar va ofislarning global oflayn tarmogʻini rivojlantiradi. Bundan tashqari, u SWIFTga muqobil ravishda rublda hisob-kitoblar bilan oʻzining toʻlov tizimini yaratishni rejalashtirmoqda.