РУ
O’Z
UZS
/
/
“Har bir inson ekologiyani asrashga masʼul”. Ekobloger Moʻtabar bilan suhbat
16.10.2024

“Har bir inson ekologiyani asrashga masʼul”. Ekobloger Moʻtabar bilan suhbat

“Har bir inson ekologiyani asrashga masʼul”. Ekobloger Moʻtabar bilan suhbat

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham ekologik muammolar mavzusi kun tartibiga chiqa boshladi. Toping.uz aynan shu yoʻnalishda ijod qilib, insonlarning ekologik savodxonligini oshirishga harakat qilayotgan bloger Moʻtabar Xushvaqtova bilan suhbatlashdi.

Oʻrikguli bilan intervyu asosida tayyorlangan maqolada dunyo miqyosidagi ekomuammolar, chiqindini qayta ishlash ahamiyati va insonlar, tashkilotlar bu muammo oldida qanchalik aloqador ekani haqida maʼlumot berilgan.

Sizningcha, bugungi kunda eng dolzarb ekologik muammolar qaysilar?

Agar biz global oladigan boʻlsak, bu iqlim oʻzgarishi muammosidir. Buni endi ortga qaytarib boʻlmaydi va faqatgina insoniyat oldida unga moslashish qoldi. Bunda iloji boricha barqaror yechimlarni topib, hamma sohada faqat qishloq xoʻjaligi, balki kundalik hayotda biznesdan tortib, oʻquv muassasalarigacha, hamma hamma oʻzining faoliyatini bunga moslashishi, yaʼni iqlim oʻzgarishiga moslashishi, iloji boricha kamroq unga taʼsir qilishga oʻtish kerak boʻladi.

Agar Oʻzbekistonni oladigan boʻlsak, bizda bir nechta asosiy muammolar bor. Ular suv tanqisligi, xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish punkti yoʻqligi, masalan, batereya va shunga oʻxshash akkumulyatorli mahsulotlar, hammasi yerga koʻmiladi, umumiy chiqindiga ketadi va ular yerni uzoq vaqt davomida zaharlaydi. Albatta, bu narsa odamlarning salomatligiga taʼsir qilmasdan qolmaydi.

Foto: Odina Kudratova

Shuning uchun ham bizga mana shu utilizatsiya punktlarini ochish oldimizda turgan eng katta ishlardan biri. Bundan tashqari, chiqindini saralash tizimi yoʻqligi, chiqindini qayta ishlash tizimi yaxshi emasligi, xalqaro talablarga javob bermasligi, sugʻorish tizimining hali ham yangilanmagani va bioxilma-xillik, hayvonlar va oʻsmiklarning xilma-xilligi kamayib borayotgani iqlim oʻzgarishiga taʼsir qiladi. Yashil energiyaga toʻliq oʻtish ham muhim hisoblanadi.

Kundalik hayotingizda ekologik masʼuliyatni qanday saqlaysiz?

Oʻz hayotimda ongli isteʼmolchi boʻlishga harakat qilaman, shunchaki, sotib olayotgan har bir mahsulotim iloji boricha kamroq tabiatga zarar berishiga harakat qilaman, bu kiyimdan tortib oziq-ovqatgacha boʻlishi mumkin.

Masalan, ortiqcha ovqatlar sotib olmayman, agar ularning eskirishi etimoli boʻlsa, men uni albatta boshqa odamga beraman. Eskirib qolib, muzlatkichda yotmasligiga, chiqindagi chiqmasligiga harakat qilaman. Chiqinlarni saralayman, suvni tejayman, va mana shu kichkina ekologik odatlarni atrofimdagi odamlarga oʻrgatishga, yoyishga harakat qilaman.

Toshkent ekologik jihatdan qanday rivojlanishi kerak, deb oʻylaysiz?

Aynan agar Toshkent shahrini oladigan boʻlsak, birinchi navbatda sugʻorish tizimi yangilanishi lozim. Sugʻorish tizimi hali ham jismonan boshqariladigan tizim, bizda odam borib ochib, odam borib yoqishi kerak boʻladi. Bu vaqt mobaynida juda koʻp suv yerga oqib ketib, isrof boʻladi. Undan tashqari, daraxtlar ildizlariga ziyon yetkazadi, oʻsimliklar qurishni boshlaydi.

Ikkinchidan, obodonlashtirish tizimini qayta koʻrib chiqish kerak. Bu tizimda keraksiz boʻlgan yumushlarga juda ham koʻp vaqt va mablagʻ sarflanadi. Masalan, daraxtlar qayta-qayta oqlanadi, yiliga 5-6-marta manzarali oʻsimliklar va gullar ekiladi, yerlarga chim yotqiziladi. Bu ishlarni butkul notoʻgʻri deb hisoblayman. Buning oʻrniga bir nechta muqobil yechimlar mavjud.

Toshkent shahrida ekologiyani zaharlovchi mashinalar masalasi ham chuqur oʻrganlishi kerak. Buning eng asosiy yoʻli va yechimi albatta jamoat transportini rivojlantirish hisoblanadi. Bu tizim qanchalik mukammal ishlasa, insonlar shunchalik mashinadan kamroq foydalanishadi. Bu esa oʻz-oʻzidan havo sifatiga bevosita taʼsir qiladi.

Aholi turar-joyida chiqindi punktlari saralashga moʻljallangan boʻlishi kerak. Aholiga saralash oʻrgatilishi kerak. Hozirda mana biz uy-joy xizmatiga pul toʻlaymiz. Bu xizmat boshqa kommunal xizmatlar: gaz, elektr energiyasi va suvdan qimmatroq, lekin ular aytarli ish bajarmaydi. Mana shu jamoalar, umuman mana shu tashkilot yaxshi mutaxassislar bilan boyitilishi va ular koʻzga koʻringan natijalar olib kelishi kerak.

Ekologik masalalarda odamlarni koʻproq jalb qilish uchun qanday usullarni tavsiya qilasiz?

Ekologik masalalarda odamlarni eʼtiborini tortish uchun har bitta tashkilot, odam, muassasa bu muammoga befarq boʻlmasligi kerak. Oddiygina, biznes ham, hattoki odamlarga ekologik boʻlishini oʻrgata oladi.

Masalan, biron bir kafega kirsangiz, ichimlik sotib olayotganingizda naycha beriladi. Buning oʻrniga biror stikerda plastik chiqindilar 200-yil chirishi haqida ogohlantiruvchi matn yozib qoʻyilishi mumkin. Yoki shunchaki oʻz idishingizga qahva olib ketsangiz, chegirma beriladigan aksiya yoʻlga qoʻyish mumkin.

Foto: Odina Kudratova

Bu ham oʻsha biznes tomonidan umumiy ekologiyani himoya qilishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi. Xuddi shunday, har bir muassasa odamlarga oʻrnak boʻlib xizmat qilishi kerak. Bizda koʻp tadbirlarda davlat tashkiloti xodimlari faqat aqlli gaplarni gapirishadi, ammo oʻzlari amalda koʻrsatishmaydi.

Mana, bunaqa qilish kerak, unaqa qilish deb aytishad, lekin oʻzlari kuppa-kunduzi, oʻsha tadbir oʻtkazayotgan joyning chiroqlarini yoqib qoʻyishgan boʻladi. Oʻzlari tanaffus paytida, ham faqat bir martalik idishlardan foydalanib, qahva ichishadi yoki katta sharlardan arka qilishgan boʻladi, bu orqali ular qilayotgan barcha ishlar faqat gapda ekanini koʻrish mumkin boʻladi.

Ekobloger sifatida eng katta yutuqlaringiz nimalar va kelajakda qanday rejalaringiz bor?

Ekobloger sifatida qanday yutuqqa erishganimni aniq ayta olmayman. Toʻrt yil davomida qoʻlimdan kelgan narsani qilyapman deb ayta olaman. Odamlarni ongli ravishda ekologik muammolarga eʼtibor qaratishga chaqiryapman.

Mening kontentim mazmuni odamlarga qaratilgan boʻlib, ular kichik boʻlsada, oʻzgarishlarni amalga oshirishi mumkinligini koʻrsatib beraman. Kelajakda ham aynan shu yoʻnalishda davom etib, sohada magistratura bosqichida oʻqishni rejalashtiryapman.

Bolalar va kattalar uchun moʻljallangan ekologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan bir qancha gʻoyalarim, loyihalarim bor. Aynan shu ishlarni amalga oshirish kelajakdagi rejalarimning asosiy qismi deb ayta olaman.