JCH—2026 saralashi. Ikki futbolchi Oʻzbekiston terma jamoasi mashgʻulotlariga qaytdi


Futbol boʻyicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichi doirasidagi Eron — Oʻzbekiston bahsi oldidan Oston Oʻrunov va Sherzod Nasrullayev jarohatdan qutulib, umumiy mashgʻulotlarga qaytdi.
Oʻrunov Eron chempionati doirasidagi bahsda jarohat olgan edi. U mashgʻulotlarga qaytgan boʻlsada, Qirgʻizistonga qarshi bahs oldidan oʻzini noqulay his qilgani uchun murabbiylar shtabi qaydnomaga kiritmagan edi. Nasrullayev esa Superliga 1-turi doirasidagi “Soʻgʻdiyona” bilan oʻyinda safdan chiqqan.
Shuningdek, 7-turni diskvalifikatsiya sabab oʻtkazib yuborgan Umarbek Eshmurodov ham tarkibga qaytdi. “Nasaf” aʼzosi 6-tur doirasidagi Shimoliy Koreya bilan oʻyinda qizil kartochka olgan va shu bois qirgʻizistonliklarga qarshi bahsni oʻtkazib yuborgan edi.
Jaloliddin Masharipov sariq kartochkalari koʻpayib ketganligi sababli Eronga qarshi bahsni oʻtkazib yuboradi. Futbolchi saralash doirasidagi Qatar va Qirgʻiziston bilan oʻyinlarda ogohlantirish olgan.
Maʼlumot uchun, Eron — Oʻzbekiston oʻrtasidagi bahs 25-mart, seshanba kuni Tehrondagi “Ozodi” stadionida boʻlib oʻtadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.