Kelgusi besh yilda yo‘q bo‘lib ketadigan kasblar ro‘yxati tuzildi


HR-mutaxassis va Rossiya Davlat dumasi ekspert kengashi a’zosi Garri Muradyan yaqin besh yil ichida jismoniy mehnat kasblari yo‘q bo‘lib ketishi yoki sezilarli darajada kamayishi haqida ishonch bildirdi.
U suhbatda qo‘l mehnati xodimlari avtomatlashtirish xavfiga duch kelishini ta’kidladi. Mutaxassisning aytishicha, ishlab chiqarish jarayonlariga robototexnika va sun’iy intellektni joriy etish bunday kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni pasaytirishga olib keladi.
Yaqin besh yil ichida an’anaviy mutaxassisliklar yo‘qoladi yoki sezilarli darajada qisqaradi. Bu stanok operatorlari yoki konveyerlardagi yig‘uvchilar kabi jismoniy mehnat xodimlariga taalluqli. Bashorat — besh-sakkiz yil. Qo‘l mehnati o‘rniga raqamli dasturli boshqariladigan stanoklar va shunga o‘xshash qurilmalar ko‘payadi, qo‘l mehnati miqdori keskin kamayadi, — dedi Muradyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy chakana savdo sohasida ham bo‘sh ish o‘rinlari sonining qisqarishini kutish mumkin. HR-ekspertning tushuntirishicha, onlayn savdoga o‘tish bilan xaridorlarga jismoniy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ko‘plab lavozimlar dolzarbligini yo‘qotishi mumkin.
Mehnat bozoridagi o‘zgarishlar nafaqat muammolar, balki imkoniyatlar ham ekanligini tushunish muhim. Ish beruvchilar yangi sharoitlarga moslashish uchun o‘z xodimlarini o‘qitish va qayta tayyorlashga sarmoya kiritishlari lozim. Ish izlovchilar esa o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishlari va kelajakda talab qilinadigan sohalarda o‘z ko‘nikmalarini faol rivojlantirishlari kerak, — deya xulosa qildi u.