Klublar o‘rtasidagi JCH. “Bavariya” “Flamengo”ni mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi


Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining 1/8 final bosqichi doirasida yana bir qiziqarli bahs o‘z nihoyasiga yetdi.
AQShning Mayami shahridagi “Hard Rock” stadionida Germaniyaning “Bavariya” klubi Braziliyaning “Flamengo” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv yakunida myunxenliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonishdi.
TelecomTV xizmatiga 7 kunlik bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ling.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq boshlang!

O‘yin boshidanoq “Bavariya” ustunlikni qo‘lga oldi. Dastlab 6-daqiqada “Flamengo” yarim himoyachisi Erik Pulgar avtogol muallifiga aylandi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Harri Keyn hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi.
33-daqiqada “Flamengo” safida Jerson javob golini urib, hisobni qisqartirdi — 2:1. Ammo 41-daqiqada Leon Goretskaning uzoq masofadan bergan zarbasi “Bavariya” ustunligini yana ikki to‘pga chiqardi.
Ikkinchi bo‘limda “Flamengo” vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildi. 55-daqiqada Jorjinyo penaltidan aniq zarba yo‘llab, farqni qisqartirdi — 3:2. Biroq 73-daqiqada Harri Keyn o‘zining ikkinchi golini urib, dubl qayd etdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:2.
Mazkur g‘alaba orqali “Bavariya” musobaqaning chorak finaliga yo‘l oldi. Endi myunxenliklar bu bosqichda Parijning “PSJ” klubi bilan to‘qnash keladi.