РУ
O’Z
UZS
/
Pul
/
Kuniga 7 ming so‘mga yashagan: Talabalar Toshkentda yashash uchun necha pul sarflamoqda?
17.07.2024

Kuniga 7 ming so‘mga yashagan: Talabalar Toshkentda yashash uchun necha pul sarflamoqda?

Kuniga 7 ming so‘mga yashagan: Talabalar Toshkentda yashash uchun necha pul sarflamoqda?

O‘zbekistonda joriy o‘quv yili boshida 1 million 300 mingdan ziyod talaba bor edi. Ulardan 500 mingdan sal kamrog‘i hozir Toshkentda. Toping.uz poytaxtga o‘qish uchun kelgan oliy ta’lim muassasalarining ikki nafar talabasi bilan suhbatlashib, ular kuniga 7 ming so‘m bilan qanday yashashini aniqladi.

Munira, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 4-bosqich talabasi, 23 yosh

Munira Xaitova asli Surxondaryo viloyatidan. U yotoqxonada emas, ijarada yashaydi va uy-joy ijarasi uchun oyiga 300 dollar to‘laydi.

Taxminan 60 ming so‘m faqat bitta tushlikka ketadi, ya’ni oyiga taxminan 1 million 600 ming so‘m sarflaydi. Munira nonushta va kechki ovqatni uyda tayyorlaydi. Umuman olganda, u oziq-ovqat va eng zarur narsalar uchun oyiga taxminan 4 million so‘m ishlatadi. 

Talaba o‘zi qatori ko‘pchilik singari jamoat transportidan foydalanadi.

“Uzoq joyda yashaganim uchun uydan ofisgacha uchta transportda boraman: taksi, metro va yana taksi. Faqat bir yo‘nalishga 30 ming so‘m sarflayman, lekin uyga avtobusda qaytishim sababli 10 ming so‘m ketadi”, — deydi qiz.

Kontrakt summasi yiliga 12 million so‘mni tashkil etadi. Qizning otasi uch yillik kontrakt pulini to‘lagan, qolgan bir yilini esa Muniraning o‘zi ishlab topgan puli bilan qoplagan. Talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yangilik uzatuvchi ommaviy axborot vositalaridan birida ishlaydi va oylik xarajatlarining bir qismini qoplaydi. Bundan tashqari, uning otasi har hafta kartasiga 400 ming so‘m tashlab turadi.

“Ko‘p hollarda menda pul qolmaydi, chunki o‘z mablag‘larimni to‘g‘ri taqsimlay olmayman. Ko‘pincha impulsiv xaridlar amalga oshiraman. Hech narsa qolmagach, do‘stlarimdan yoki otamdan iltimos qilaman”, — deydi Munira.

Qizning do‘stlari bilan uchrashish uchun ortiqcha vaqti yo‘q, chunki ishlaydi va o‘qiydi, dam olish kunlari esa shaxsiy ishlari bilan shug‘ullanadi.

“Menda pulni saqlash uchun layfxak yo‘q, chunki buni qanday qilishni bilmayman. Lekin men uchun eng arzon taom qovurilgan kartoshka: ham mazali, ham arzon. Oddiy yog‘da qovurish mumkin, bu vaqtni tejaydi va ishlaydiganlarga qulay”, — dedi talaba.

Munira asosan go‘shtni uyidan olib keladi, u surxondaryolik bo‘lib, qatiq, guruch va zig‘ir yog‘ini yoqtiradi, xuddi tojiklar kabi.

Kuniga 7 ming so‘mga yashamoq

Munira abituriyentlik paytida haftasiga 100 ming so‘mga yashagan paytlari bo‘lgan. O‘shanda u kam pul sarflar va o‘qishga kirish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnardi. Ammo bir kuni u kuniga atigi 7 ming so‘m sarflashga muvaffaq bo‘lgan.

Cho‘ntagimda bor-yo‘g‘i 2 ming so‘m pulim bor edi, juda och edim. Shunda qaniydi 5 ming so‘mim bo‘lganida bir kilogramm kartoshka sotib olardim, deb o‘yladim. 

“Tasodifan sumkamdan o‘sha 5 ming so‘mni topib oldim. 3,5 ming so‘mga 1 kg kartoshka, ming so‘mga esa bitta non sotib oldim. Kartoshka qovurdim-da, maza qilib yedim. Bu mening hayotimdagi eng mazali taom edi”, — dedi qiz.

Uning fikricha, poytaxtda yashash uchun, agar o‘z uyingiz bo‘lsa, o‘rtacha 8 million so‘m yetadi. Uning fikricha, uy-joy hammasidan qimmat turadi, kiyim-kechak, dugonalar bilan uchrashuv va boshqa ko‘ngilochar narsalarga mablag‘ yetish uchun oyiga 15 million so‘m kerak bo‘ladi.

“Men hozir 20 million so‘m ishlab topmoqchiman, bu menga pul yig‘ish va ko‘chmas mulk sotib olish imkonini beradi”, — dedi Munira.

Rahmatjon, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti 3-bosqich talabasi, 21 yosh

Rahmatjon Cho‘liyev asli buxorolik bo‘lib, uch nafar tanishi bilan ijarada turadi. Kvartira ijarasi uchun u 650 ming so‘m to‘laydi. Oziq-ovqat va zarur narsalarga yigit oyiga 2 mln so‘m sarflaydi. Talaba tez-tez fast-fud bilan oziqlanadi, birrgina ovqat uchun oyiga 800 ming so‘mga yaqin mablag‘ ishlatadi.

Jamoat transportida yurish qo‘shimcha 200 ming so‘mga tushadi. Yigit avtobus va metrodan foydalanadi.

Shartnoma asosida o‘qish uchun to‘lov 6,5 mln so‘mni tashkil etadi. Kontrakt pulini to‘liq ota-onasi to‘laydi. Rahmatjon tez ovqatlanish tarmoqlaridan birida ishlaydi va topgan pulini ko‘proq transportga sarflaydi. Yigit kuniga 120 ming so‘m ishlab topadi.

“Shunday paytlar bo‘ldiki, pulim qolmagandi, hatto ijarada ham turmagandim. Ishda tunab qolishimga to‘g‘ri kelgan”, — deydi talaba.

U do‘stlari bilan faqat shanba va yakshanba kunlari uchrashib turadi, chunki ish kunlarida o‘qishi va ishlashi kerak.

“Pulni qanday ishlatishim vaqtimni kim bilan o‘tkazishimga bog‘liq. Do‘stlarim davrasida kamroq pul sarflayman. Qiz bilan uchrashuvga borganimda ko‘proq pul sarflashga to‘g‘ri keladi, chunki ikki kishi uchun pul to‘lash kerak”, — deydi Rahmatjon.

25 ming so‘mlik mahsulotlar xaridi

Uning fikricha, eng mazali ovqat — bu odamlar o‘zi tayyorlaydigan taomdir. Eng arzon taom uchun kartoshka, piyoz, tuzli va ziravorli yog‘, mosh va guruch yetarli. Narxi bor-yo‘g‘i 25 ming so‘m.

“Hayriyat, mening juda yaxshi do‘stlarim bor. Ular pul qolmaganida yordam berishadi. Agar 50 ming so‘mga xarid qilsak, 3-4 kunga ovqat pishirishimiz mumkin. Tayyor ovqatni sotib olish ancha qimmatga tushadi”, — deydi talaba.

U uyidan ko‘pincha tandirda yopilgan non, shirinliklar, sharbat va murabbo olib keladi.

“Bir kuni do‘stlarim bilan kompyuter klubiga borib, ko‘chada ovqatlanishni rejalashtirgan edik. Lekin faqat bir narsagagina pulim yetardi. Do‘stlarimdan so‘rash noqulay bo‘lgan. Pidjagimni kiyib, cho‘ntagimdan 200 ming so‘m pul topib olganman va xursand bo‘lganman. Hozirda kiyimlariming cho‘ntagiga pul solib yuraman, keyinchalik ularni kutilmaganda mana shunday topib olish uchun”, — dedi u.


Rahmatjonning fikricha, bir kishiga poytaxtda yashash uchun oyiga 4-5 million so‘m yetarli. Bu summa oziq-ovqat, ko‘ngilochar va boshqa xaridlarni o‘z ichiga oladi.

“O‘ylaymanki, oyiga 8-12 million so‘m ishlab topish yetarli bo‘lar edi. Bu mening oylik xarajatlarimdan tashqari kiyim-kechak sotib olish va sayr qilishimga yetarli bo‘ladi”, — deydi yigit.