Misrda ingliz tilidagi ilk Oʻzbek tili grammatikasi darsligi yaratildi
Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda oʻzbek tilini “nol”dan oʻrgatuvchi Uzbek language grammar. Simplified system nomli qoʻllanma tayyorlandi.
Ushbu kitobning kirish qismida oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, uning oʻzgarish bosqichlari hamda oʻzbek xalqining shakllanish tarixi haqida soʻz yuritilgan.
Boshqa qoʻllanmalardan farqli ravishda kitobning asosiy qismidagi 20 ta darslar yirik mavzularni alohida-alohida toʻliq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni oʻrganish uchun eng zarur boʻlgan qoidalar va konstruksiyalarni oʻrgatishga bagʻishlanadi, keyinchalik mavzular asta sekin murakkablashib boradi.
Oʻzbek tilida feʼl zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda ingliz tiliga qiyoslab sodda koʻrinishda tushuntirilgan.
Kitob soʻnggida til oʻrganishni osonlashtiruvchi qoʻshimcha qismlar ham kiritilgan. Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun Oʻzbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumlar ham mavjud.
Kitob soʻnggida ilk martaba 2400 ga yaqin eng faol qoʻllanadigan oʻzbekcha-inglizcha mini-lugʻat oʻrin olgan. Ular turli dasturlar yordamida faollik darajasini tekshirish asosida saralangan.
Yaqin kunlarda ushbu kitob diplomatik missiya koʻmagida chop etiladi va Misrdagi kutubxonalar hamda Qohira universiteti talabalari oʻrtasidagi tarqatiladi.