Yulduz Usmonova xonandalarni sudga berayotgan shoirlardan shikoyat qildi


O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova san’atkorlarning bugungi holati haqida murojaat bilan chiqdi. Uning fikriga ko‘ra, bugun ko‘plab san’atkorlar ijod qilishdan sovib qolgan. Buning sababini esa u mualliflik huquqlari atrofidagi chalkashliklar, eski asarlar bo‘yicha ochilayotgan da’volar va ijodkorlarga bo‘lgan bosimlar bilan bog‘laydi.
“Yangi qo‘shiqlar yo‘q, chiqmayapti deyishadi. Nega yo‘q, deb so‘rayapsizlarmi? Chunki ijodkorlarning qo‘shiqlari ustidan birdaniga da’volar ochilmoqda. Oradan yillar o‘tgach, o‘sha tarixda qolgan she’rlar uchun shoirlar, ularning qarindoshlari, hatto boshqa yaqinlari chiqib, da’vo qilishmoqda. Bu esa san’atkorni ijoddan to‘xtatadi,” deydi Usmonova.
Uning aytishicha, o‘tmishda “Tarona” va “Pantera” kabi prodyuserlik markazlari orqali ijod qilgan davrlarida barcha mualliflik huquqlari rasmiylashtirilgan, soliqlar to‘langan. Qo‘shiqlar uchun ruxsatlar olingan, huquqiy jihatdan tartib-intizom mavjud bo‘lgan. Endi esa oradan yillar o‘tib, ko‘pchilik ijodkorlar sud zallarida yurishga majbur bo‘lmoqda.
Avval yozilgan she’rga ruxsat bilan qo‘shiq yozganmiz, huquqiy asoslar bor. Lekin bugun kimningdir xohishi bilan da’vo ochilmoqda. Bu holat san’atkorni ijod qilishdan to‘xtatadi, ruhiy tushkunlikka olib keladi. Shoirlar orasida ham adolatsizlik bor: biri boshqasining asarini egallagan, lekin bugun o‘zi da’vo qilmoqda, deydi Yulduz Usmonova.
Yulduz Usmonova bu borada qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlaydi.
Ancha yillar oldin shoirlar “she’rimni qo‘shiq qiling” deb eshikma-eshik yurishardi. Hozir esa o‘zlari da’vo qilyapti. Shoirlarning o‘zini tekshirishsa, biri-biridan o‘g‘irlab yotibdi. Bugun da’vo qilgan shoirlarning vatan haqida yozgan bironta normal qo‘shig‘i bormi, so‘rang-chi? Vatan uchun jonini berib yozgan narsasi bormi? Yo‘q. Faqat tijoriy yo‘nalishda yozishgan, deydi xonanda.
U murojaatini prezident, bosh vazir va mas’ul tashkilotlarga yo‘llagan holda ijodiy muhitda adolat va tartib bo‘lishi, avvalgi davrlarda to‘langan huquqiy hujjatlar hisobga olinishi, kechiktirilgan da’volar esa xolisona ko‘rib chiqilishi lozimligini aytdi.