Olimlar kuniga 10 ming qadam yurish standartini inkor etdi
Bostondagi Brigham and Womenʼs Hospital mutaxassislari oʻtkazgan tadqiqot sogʻliqni saqlash uchun kuniga 10 ming qadam bosish kerakligi haqidagi keng tarqalgan qarashni rad etdi. Tajribada 62 yoshdan oshgan, harakatni kuzatuvchi qurilma taqqan 15 ming nafar ayol ishtirok etdi.
Maʼlum boʻlishicha, hatto kamroq yurish hajmida ham, masalan, kuniga 8-8,5 ming qadam tashlanganda, yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfi kam harakatli hayot tarziga ega boʻlganlarga nisbatan 40 foizga kamaygan.
Bundan tashqari, tadqiqot shuni koʻrsatdiki, suzish yoki velosiped haydash kabi boshqa jismoniy faoliyat turlari ham, ularni qadam bilan oʻlchab boʻlmasada, xuddi shunday foyda keltiradi.
Kuniga 1 soat 15 daqiqa davomida jismoniy mashqlar bilan shugʻullangan ishtirokchilar ham yurak-qon tomir tizimi holatining sezilarli darajada yaxshilanganini namoyish etdilar.
Olimlar qadamlar soniga qatʼiy bogʻlanish shart emas, degan xulosaga kelishdi. Salomatlikni saqlash uchun nafaqat miqdor, balki yurish, suzish yoki boshqa turdagi mashqlarning muntazamligi ham muhimdir.
Mashq turini va uni kuzatishning qulay usulini tanlashda shaxsiy yondashuv universal standartlarga rioya qilishdan koʻra muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.