Oʻzbekistonda ishlangan “Pomidor Doʻppi” mulseriali Xitoyda ham namoyish etiladi
Bolalar uchun “Pomidor Doʻppi” mulserialining birinchi mavsumi bir vaqtning oʻzida Xitoyning 45 ta media-platformasida chiqarildi.
Bu xitoylik tomoshabinlarga taqdim etilgan birinchi oʻzbek multfilmi hisoblanadi. Taʼkidlanishicha, dastlab serial tarjima qilingan, moslashtirilgan, soʻng, hududda namoyish etish uchun ruxsat olingan.
Studiya asoschisi va serial rejissyori Pavel Kim shunday deydi: “Xitoy animatsiya bozori juda kuchli raqobatga ega. Bu yerda mahalliy kontentga ustunlik beriladi, chet el kontenti esa cheklanib, qattiq saralanadi.
Odatda, Xitoy bozoriga faqat yirik studiyalarning dunyoga mashhur blokbasterlari kirib boradi. Shuni hisobga olgan holda, Oʻzbekistonda yaratilgan serialimiz Xitoy bolalar auditoriyasiga yetib borgani va jahon xitlari qatorida namoyish etilayotgani bizni juda xursand qiladi. Bu esa animatsiyamizning yuqori xalqaro salohiyatini tasdiqlaydi”.
Mulserial Oʻzbekistonda “DIP Animation” studiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Doʻppi — doʻppi kiygan quvnoq pomidor, u turli kulgili vaziyatlarga tushadi. Qahramonni ishlab chiqishda studiya bolalar va kattalar auditoriyasi uchun tushunarli boʻlgan milliy qahramonni yaratish vazifasini oʻz oldiga qoʻygan.
Loyihaning birinchi seriyalari 2018-yilda Milliy TV telekanali va YouTubeʼda namoyish etilgan. Bugungi kunda “Doʻppi” YouTubeʼda 6 million tomoshabin auditoriyasiga ega boʻlgan Oʻzbekistondagi eng taniqli qahramon hisoblanadi.
Bugungi kunda multfilm MDHdagi 50 dan ortiq onlayn platformalarda, jumladan, Kinopoisk, IVI, START, KION, Megogo, iTV kabi yirik platformalarda namoyish etilmoqda. Quvnoq pomidor haqidagi mulserialni “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi bortida ham tomosha qilish mumkin.