24.12.2024
Rasman: Yangi yilda o‘zbekistonliklar necha kun dam olishi ma’lum bo‘ldi
Muallif
Shohzamon Shuhratov
Prezident qaroriga asosan, haftasiga 6 kun ishlovchilar ketma-ket 5 kun (29 dekabr – 2 yanvar) dam oladigan bo‘ldi. Haftasiga 5 kun ishlovchilar esa qatorasiga 6 kun (28 dekabr – 2 yanvar) dam olishadi.
O‘zbekiston prezidenti “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Bugun, 24 dekabr kuni imzolangan qaror bilan, 2025 yilda 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 4 yanvar – shanba kunidan 2 yanvar – payshanba kuniga ko‘chirildi. 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 2 yanvar – payshanba qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.
Shu tariqa:
- 28 dekabr, shanba — 6 kun ishlovchilar uchun odatiy ish kuni, 5 kun ishlovchilar uchun odatiy dam olish kuni;
- 29 dekabr, yakshanba — barcha uchun odatiy dam olish kuni;
- 30 dekabr, dushanba — 6 kun ishlovchilar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kun ishlovchilar uchun 14 dekabr (shanba) kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni;
- 31 dekabr, seshanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 1 yanvar, chorshanba — Yangi yil bayrami;
- 2 yanvar, payshanba — 6 kun ishlovchilar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kun ishlovchilar uchun 4 yanvar (shanba) kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni.