Tomoq og‘rig‘iga qarshi tabiiy vositalar. Ularni uyda tayyorlash mumkin
Tomoq og‘rig‘ini tez va ortiqcha xarajatsiz davolashni xohlaysizmi? Unda haqiqatan ham samara beradigan eng mashhur xalqona davolash usullarini eslash vaqti keldi. Buning uchun dorixonaga yugurishingiz shart emas: buvilarimiz va onamiz aytganidek, tomoq og‘rig‘ini uy sharoitida davolash mumkin. Ammo ogohlantirib qo‘yish kerak: hech kim malakali shifokordan yaxshiroq tavsiya bermaydi. Agar alomatlar o‘tib ketmasa, mutaxassisga yordam so‘rab murojaat qiling
Tomoq og‘rig‘iga qarshi tabiiy vositalar — eng samaralilari
Asal
Tomoq og‘rig‘ini davolashning eng keng tarqalgan usullaridan biri asaldan foydalanishdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomoq og‘rig‘ining dastlabki alomatlarida asalni qo‘llashni tavsiya qiladi. Bu tabiiy antiseptik bo’lib, yallig‘lanishga qarshi va davolovchi vositadir. Faqat uni issiq choyga qo‘shmang (bu mahsulot xususiyatlarini yo‘qotishga olib keladi), yaxshisi issiq suyuqlik iste’mol qilishdan oldin bir choy qoshiq asal iste’mol qiling. Shuni yodda tutingki, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarga asal berish taqiqlanadi.
Qalampir yalpizi
Choyga qo‘shilgan qalampir yalpiz barglari ham tomoq og‘rig‘idan xalos bo‘lishga yordam beradi. Ularning tarkibidagi mentol balg‘am va kuchli yo‘talga qarshi samarali kurashadi. Shuningdek, tetiklashtiruvchi o‘simlik antiseptik bo‘lib, yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega.
Soda
Tomoqni soda bilan chayish tomoq og‘rig‘ini davolashning eng keng tarqalgan va mavjud usullaridan biridir. Soda bakteriyalarni o‘ldiradi, shuningdek, patogen floraning rivojlanishini to‘xtatadi. Tomoqni chayish uchun soda eritmasi qanday tayyorlanadi: bir stakan iliq suv (qaynoq suv emas), 1⁄4 choy qoshiq iste’mol sodasi va 1/8 choy qoshiq tuz oling. Og‘riqli tomoqni sutkasiga kamida 3 marta, yaxshisi 5 marta chaying.
Moychechak
Moychechak choyi tomoq og‘rig‘ini sezilarli darajada kamaytiruvchi samarali vositadir. Mashhur gul og‘rigan tomoqni tinchlantiradi va uni o‘zining antioksidantlari yordamida davolaydi. Moychechak immunitetni mustahkamlaydi va organizmga tomoqqa tushgan infeksiyani yengishda yordam beradi.
Sarimsoq
Shamollash va virusli infeksiyalar davrida immunitetni mustahkamlash, shuningdek, tomoqni tezroq davolash uchun bir juft sarimsoq bo‘lagini iste’mol qiling. Hech bir bakteriya bunday aromaterapiyaga bardosh bera olmaydi. Organizm uchun X2 miqdorida foyda keltiradi.
Tuzli eritma
Biz iliq suvda eritishga odatlangan osh tuzi yoki dengiz tuzi ham tomoq og‘rig‘iga qarshi sinalgan xalqona vositadir. Bunday eritma bakteriyalarni o‘ldiradi va balg‘amni suyuqlantiradi. Ammo tomoqni quritishni istamasangiz, tuzli eritmani quyidagicha to‘g‘ri tayyorlang: bir stakan suv (250 ml) va faqat yarim choy qoshiq tuz.
Olma sirkasi
Tomoq og‘rig‘ida samara beruvchi yana bir usul, lekin faqat me'yorida (agar siz shilliq qavatni kuydirishni va tish emalini shikastlashni xohlamasangiz) amalga oshirish kerak. Shifokorlarning aytishicha, buning uchun 1 choy qoshiq olma sirkasini iliq suvli stakanga solib, tomoqni chayish kifoya. Sirka kislota bakteriyalarni o‘ldiradi, balg‘amni chiqaradi va hatto qondagi qand miqdorini pasaytiradi. Demak, hatto diabetga chalinganlar uchun ham mos keladi.
Qizilmiya (ildiz)
Qizilmiya ildizi qadim zamonlardan beri davolash uchun ishlatilgan, shuning uchun u tomoq og'rig'ida xalq tabobati ro‘yxatiga kiritilgan. Ammo bugungi kunda zamonaviy shifokorlar qizilmiyadan faqat chayish eritmasi shaklida (ichishga emas) foydalanishni tavsiya etadi. Bundan tashqari, emizikli va homilador ayollarga undan foydalanish taqiqlangan.
Pajitnik
Pajitnik (shambala) tomoq og‘rig‘ini yengillashtirishini va buni boshqalarga qaraganda tezroq bajarishini kamdan kam odam biladi. Siz urug‘larini iste’mol qilishingiz, o‘simlikning yog‘idan foydalanishingiz va hatto payitnikdan choy ichishingiz mumkin. Ammo shuni yodda tutingki, bu o‘simlik homiladorlar va bolalarga, shuningdek, og‘ir kasalliklarga chalingan odamlarga tavsiya etilmaydi.
Nima uchun tomoq og‘riydi: sabablari
Tomoqdagi og‘riq quyidagi yuqumli va yuqumli bo‘lmagan omillar tufayli kelib chiqishi mumkin:
Virusli infeksiyalar: shamollash, gripp, koronavirus tomoqdagi og‘riq, qichishish va yo‘talni keltirib chiqaradi va halqum shilliq qavatini zararlaydi.
Bakterial infeksiyalar: streptokokk yoki boshqa bakteriyalar qo‘zg‘atgan angina, faringit. Ko‘pincha bodomcha shaklidagi bezlarda oq maddalar paydo bo‘ladi.
Allergiyalar: chang, gul changi yoki maishiy kimyoviy vositalarga reaksiya berishi va quruq yo‘talni keltirib chiqarishi mumkin.
Quruq yoki ifloslangan havo: bunday sharoitda uzoq vaqt bo‘lish shilliq qavatning yallig‘lanishiga olib keladi.
Shikastlanishlar va begona jismlar: halqumning mexanik, masalan, suyaklar yoki o‘tkir buyumlar bilan shikastlanishi.
Qanday qilib bola tomog‘ini uyda davolash mumkin
Bolaning tomog‘idagi og‘riqni yo‘qotish uchun qulay sharoit yaratish muhimdir. Havoni namlantirish shilliq qavat qurishining oldini olishga yordam beradi, iliq ichimlik, masalan, choy yoki suv tomoqni yumshatib, yallig‘lanishni kamaytiradi. Agar bola yetarli darajada katta bo‘lsa va uni to‘g‘ri bajara olsa, tuz eritmasi bilan chayqash mumkin. Yoshga mos pastilkalar yoki spreylar faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra qo‘llaniladi. Agar kasallik alomatlari kuchaysa yoki uzoq vaqt saqlanib qolsa, yaxshisi mutaxassis bilan maslahatlashing.
Tomoq og‘rig‘i profilaktikasi
Ayniqsa isitish mavsumida havoni namlab turing.
Changli, ifloslangan yoki tutunli xonalarda uzoq vaqt qolishdan saqlaning.
Immunitetni ushlab turing: to‘laqonli ovqatlanish, vitaminlar, jismoniy faollik.
Ayniqsa shamollash mavsumida bemor insonlar bilan aloqadan saqlaning,.
Qo‘llaringizni muntazam ravishda yuvib turing va yuzingizga tegmang.
Shifokorni qachon chaqirgan ma’qul?
Agar tomoq og‘rig‘i ikki kundan ortiq vaqt davomida pasaymaydigan yuqori harorat yoki nafas olish va yutinishning qiyinlashishi bilan birga kechsa, shifokorning shoshilinch maslahati zarur. Yiringli karash, limfa tugunlarining kattalashuvi yoki toshmalar ham xavfli simptomlar hisoblanadi. Bolalarda ovqatlanish va suv ichishdan bosh tortish yoki og‘riqning tez kuchayishi tashvishli signallar hisoblanadi.