РУ
O’Z
UZS
/
/
Salkam 100 yoshgacha yashagan mashhurlar
18.10.2024

Salkam 100 yoshgacha yashagan mashhurlar

Salkam 100 yoshgacha yashagan mashhurlar

Milliy sanʼatimiz tarixi koʻplab qiziqarli hodisalarga boy. Ammo bu borada shunday statistika borki, uni eshitgan odam albatta hayratda qoladi.

Toping.uz muharrirlari ushbu maqolada 100 bilan yuzlashgan oʻzbek sanʼatining mashhur vakillari haqida hikoya qiladi. Roʻyxatdagilarning ijrosidan siz ham hayratda qolgansiz.

Halima Nosirova

Oʻzbekiston xalq artisti Halima Nosirova 1913-yil 29-dekabr kuni Qoʻqon yaqinidagi Togʻliq qishlogʻida tavallud topgan. U  opera xonandasi, oʻzbek xonandalik sanʼatining yirik namoyandasi hisoblanadi.

Nosirovaning musiqali drama teatri sahnasida erishgan muvaffaqiyatlari oʻzbek opera ijrochiligining yuzaga kelishiga turtki boʻlgan. Ijodkor “Maysaraning ishi”dagi bosh qahramon talqinida oʻzbek opera sahnasidagi ilk hajviy obrazni yaratgan.

Sanʼatkor Osiyo, Amerika va Yevropa mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti, “Doʻstlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan. Nosirova 2003-yilda 90 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan.

Zikr Muhammadjonov

Oʻzbek teatr sanʼatining eng yirik namoyondalaridan biri hisoblanuvchi Zikr Muhammadjonov 1921-yil 1-yanvar kuni tugʻilgan. U 70 yildan koʻproq Oʻzbek Akademik drama teatrida ishlab, yuzdan ortiq rollarni ijro etgan.

1977–82 yillar Oʻzbekiston Teatr arboblari uyushmasining raisi boʻlgan. U keng qamrovli aktyor boʻlib, spektaklda, kino va televideniyeda jahon dramaturgiyasining mumtoz namunalarida obrazlarni mahorat bilan yaratgan.

Bir qancha chet el filmlarida ham suratga tushgan. Muhammadjonov yaratgan obrazlar kuchli psixologik dramatizmi, romantik koʻtarinkiligi bilan ajralib turadi. U 2012-yil 23-avgustida vafot etgan.

Toʻychi Oripov

Oʻzbekiston xalq artisti Toʻychi Oripov 1924-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. Aktyor dramatik, fojiaviy va komik rollar, ayniqsa, oʻtkir xarakterli, salbiy obrazlar ustasi sifatida tanilgan.

Yaratgan obrazlari hayotiy, ifoda vositalari aniq va ishonarli boʻlib, qahramonlarining ichki dunyosi, maʼnaviy holati va xarakterini toʻliq ochishga intilgan. Uni oʻzbek teletomoshobani “Abdullajon” filmidagi rais obrazi orqali yaxshi taniydi.

Ijodkor Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. Toʻychi Oripov 2015-yilad oʻzi tugʻilib oʻsgan va umrining asosiy qismini yashab oʻtkazgan Toshkent shahrida vafot etgan.

Lutfixonim Sarimsoqova

Haqiqiy oʻzbek onasi timsolini yaratgan aktrisa Lutfixonim Sarimsoqova 1896-yil 8-may kuni Fargʻona viloyati Rishton tumanida tugʻilgan. Ijodiy faoliyatini 1924-yil Qoʻqon xotin-qizlar havaskorlik toʻgaragida boshlagan.

Sarimsoqova oʻzbek kino sanʼati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan. Uning kino rollari sahna faoliyatining davomi boʻlib, bu yerda ham mehribon, munis, jafokash oʻzbek onalari obrazini yaratgan.

Aktrisa hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Aya”, “Lutfixon aya” hujjatli filmlari ishlangan. U 1991-yilda 95 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan. Vafotidan soʻng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

Gʻani Aʼzamov

Oʻzbek teatr va kino aktyori Gʻani Aʼzamov 1909-yil 7-yanvar kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Aktyorlik faoliyatini 1930-yil Hamza teatrida boshlagan. “Halima” musiqali dramasidagi Rahim yamoqchi uning birinchi roli hisoblanadi.

U yuzga yaqin mukammal obrazlar yaratgan. Aktyor hajviy, dramatik, lirik rollarni bir xil mahorat bilan oʻynagan. U qanday rol oʻynamasin, oʻzining hajvkorlik isteʼdodini, oʻtkir kinoyasini ishga soladi.

Aʼzamov “Maftuningman” filmida sartarosh va “Oltin devor”da Moʻmin rollarini mahorat bilan ijro etgani ortidan muxlislar yodida qolgan. Aktyor 2001-yilda 92 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan.