Samarqanddagi Shirin massivida 6 km uzunlikdagi yerusti metro yo‘li qurilishi mumkin
Shu bilan birga, bu yerda 254 ta ko‘p qavatli uy-joylar va 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlarini barpo etish rejalashtirilgan.
14-yanvar kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi qabul qilindi.
Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.
Samarqand shahrida “Shirin” ishbilarmonlik markazi va turar-joylar kompleksini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Hukumat taklifi bilan Samarqand tumanidan 170 gektar, Oqdaryo tumanidan esa 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Qaror loyihasi mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman, shahar hamda viloyat Kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullanganligi qayd etildi. Belgilangan tuman va shahar chegaralarining o‘zgarishi bilan “Shirin” shaharchasi tashkil etiladi.
Loyiha doirasida hududda 254 ta ko‘p qavatli uy-joylar, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlari, 50 ta ijtimoiy soha obyektlari, 89 ta ko‘ngilochar va savdo komplekslari hamda tarixiy shaharcha barpo etiladi.
Bundan tashqari, massivni shahar bilan bog‘lovchi 2 ta katta ko‘prik, 112 km uzunlikdagi ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, 6 km yer usti metro yo‘li quriladi. Shu bilan birga, ichki kommunikatsiya uchun 7,2 km uzunlikdagi tonnel, 180 km irrigatsiya quvuri hamda 14 km kanal va sug‘orish inshootlarini barpo etish rejalashtirilgan.