РУ
O’Z
UZS
/
/
Shou-biznes: Mashhurlik choʻqqisida ijodni tark etgan yulduzlar
16.10.2024

Shou-biznes: Mashhurlik choʻqqisida ijodni tark etgan yulduzlar

Shou-biznes: Mashhurlik choʻqqisida ijodni tark etgan yulduzlar

Sanʼatda oʻzini sinab koʻrgan, hatto mashhurlikka erishganlar juda koʻp. Ammo biz faqat bugun sahnada boʻlganlarni taniymiz. Ungacha yulduzlik chogʻida sanʼatni tark etganlarni hamma ham bilmaydi.

Toping.uz muharrirlari aynan shu mavzuda ajoyib toʻplam tayyorladi. Unda mashhur aktyorlardan tortib, hayot yoʻli sinovlarga toʻla boʻlgan qoʻshiqchilargacha bilib olasiz.

Sherzod Bin

Sherzod Bin taxallusi bilan ijod qilgan komik aktyor Sherzod Saidaliyev ham sanʼatni butunlay tark etgan. U ayni kunlarda onasi va turmush oʻrtogʻi bilan birga AQSHda istiqomat qiladi.

U hayotidagi kutilmagan vaziyat sabab shunday qilishi toʻgʻri ekanini anglagan. Oddiy inson boʻlib yashash mazza, qalbda halovat bor, deb taʼkidlagan aktyor. U bir necha doʻstlari bilan kichik yemakxona tashkil etgan. Bir muddat novvoychilik bilan ham shugʻullangan.

Madina Mumtoz

Xonanda va aktrisa Madina Mumtoz ham sanʼatni butunlay tark etgan. U turmush oʻrtogʻining talabi bilan faqat ayollar ishtirok etadigan toʻylarda qoʻshiq kuylardi. Ammo uch yildan buyon bunday toʻylarda ham ishtirok etmayapti.

Madina Mumtozning oshpazlik kurslari onlayn tarzida oʻtsada, unga talab nihoyatda yuqori. Shu bilan birga uning “Osiyo sulton” nomli kelin koʻylaklari saloni ham bor.

Doston Ubaydullayev

Sobiq xonanda Sardor Rahimxonning xayrli loyihalariga bosh qoʻshgan hamkasbi Doston Ubaydullayev ham koʻp oʻtmay sanʼatni butunlay tark etdi. U yaqinda “Tangalik choyxona” deb nomlangan yemakxona ochgan.

Sanʼatkor choyxona reklamasi uchun koʻplab mashhurlarni taklif etgan. Uning oʻzi ham doimiy ravishda restoran targʻibotini amalga oshirib boradi. Ubaydullayev 2023-yilda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan taqdirlangandi.

Iroda Eraliyeva

Ulugʻbek Rahmatullayev bilan kuylangan “Mini yubka-2” qoʻshigʻi bilan xalqqa tanilgan xonanda Iroda Iraliyeva ham sanʼatni butunlay tark etgan. Ayni damda u uch farzandning onasi va goʻzal oilaning bekasi hisoblanadi.

Sobiq xonanda intervyularining birida uzoq yil befarzand boʻlgani va Haq yoʻlini tanlagach, Alloh unga oʻgʻil farzand inʼom etgani haqida soʻzlab bergandi. U bor eʼtiborini ilm oʻrganish va farzandlarining tarbiyasi bilan shugʻullanishga sarflayotganini bildirib oʻtgan.

Gulchehra Eshonqulova

Ijodining eng gullagan vaqtida karyerasini toʻxtatib, oʻzini oilaga bagʻishlagan aktrisa hozirda Amerikada yashaydi. U doim turk filmlarida suratga tushishni orzu qilganini aytadi.

Bir tomonda kelajakdagi Turkiyadagi karyeram boʻlsa, ikkinchi tomonda oilam, tugʻilgan farzandimizning tarbiyasi edi. Oilamni tanladim. Ollohimga behisob shukrlar boʻlsin, hozirga qadar har bir kunim mukofot bilan toʻla, deydi aktrisa.

Bonu

“Qora tun” va “Afsona” qoʻshiqlari bilan tanilgan xonanda Bonu ham allaqachon sanʼatni tark etgan. Ayni mashhurlik choʻqqisiga erishganda sud ishi va jiddiy xastaligi bois uning hayoti butunlay oʻzgarib ketgan.

U sogʻaygach, mashina va koʻchalarga kichik reklama eʼlonlarini tarqatish bilan shugʻullanadigan firmaga ishga kirgan. Hozirda shu firmaning kichik hisobchisi boʻlib faoliyat yuritadi.

Diyor Mahkamov

Bolalik chogʻidan katta sahnaga chiqib Shuhrat Qayumov, Manzura kabi mashhur ijodkorlar bilan duet kuylashga muvaffaq boʻlgan. Afsuski, u ijodini 2016-yilda yakunlagan.

Hozirgi kunda dadamning ishini davom ettiryapman. Bundan tashqari, restoranlarim ham bor, deydi Mahkamov. Sobiq xonanda “Merhaba Steakhouse” restorani sohibidir. Uning nafaqat Oʻzbekistonda balki Qozogʻistonning Olmaota shahrida ham yemakxonasi bor.