Shou-biznes: Ogʻir kasallikni boshdan kechirgan mashhurlar
Bemorlar hayotdagi eng qimmatli neʼmat salomatlik ekanini hammadan ham yaxshiroq his qiladigan insonlardir. Sahnada doim yuzida tabassum bilan koʻringan mashhurlar shaxsiy hayotida koʻplab muammolarni boshdan kechirayotgan boʻlishi mumkin.
Toping.uz muharrirlari ayni paytda ogʻir xastalikni boshdan kechirayotgan yoki uni yengishga erishgan oʻzbek shou-biznesidagi mashhur insonlar haqida maʼlumot toʻpladi. Ularning aksariyati kasal ekanini ham bilmaysiz.
Raʼno Shodiyeva
Besh yildan beri kimyoterapiya orqali davolanayotgan va orada bir necha marta operatsiyani boshdan kechirgan aktrisa 2024-yil aprel oyida Turkiyada soʻnggi jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.
Shodiyeva operatsiyadan avval Instagram sahifasida bu haqda post qoldirgandi. Oradan bir kun oʻtib, u yana koʻrinish berib, muxlislariga jarrohlik muvaffaqiyatli yakunlanganini maʼlum qilgan.
Jumadulla Rametov
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, teatr va kino sanʼatining yirik namoyandalaridan biri Jumadulla Rametov 2021-yilda alsgeymer kasalligiga chalingan.
U shifoxonada bir muddat muolaja olgan va shu sababdan juda ozib ketgan. Farzandlari dastlab otasi hazillashyapti deb oʻylagan, ammo uning xatti-harakatlari ularni hayratga solgan.
Saida Rametova
Aktrisa turmush oʻrtogʻidan farqli oʻlaroq koʻkrak saratoni kasalligiga chalingan. U Turkiyadagi tasvirga olish jarayonlarida chap tomoni ogʻriyotganidan shikoyat qilib, shifokor huzuriga borgan.
Koʻplab tekshiruvlardan keyin aktrisada ikkinchi bosqichdagi koʻkrak saratoni aniqlangan. Shundan soʻng u davolanish uchun Oʻzbekistonga uchib ketgan. U 2021-yilda saratondan toʻliq xalos boʻlgan.
Feruza Normatova
“Mendirman Jaloliddin” serialida rol ijro etgan aktrisa Turkiyada paytida jigari qattiq xastalanganini bilib qolgan. Bunga ovqatdan zaharlanish sabab boʻlgani aytilgan. Unga qahva va energetik ichimlik ichish taqiqlangan.
Aktrisa bu kasallik asosan qoʻziqorinlardan yuqishini aytib, katta ehtimol bilan Oʻzbekistonda xastalik yuqtirib olganini taxmin qilgan. Turkiyalik shifokorlar unga aniq tashxis qoʻyib, bir necha muolajalar yordamida kasallikni toʻliq davolagan.
Shohida Uzoqova
Oʻzbek onasi sifatida tilga olinadigan sanʼatkor 2023-yilda kichik infarktni boshdan kechirgan. U rahmatli aktyor Murod Rajabov yotgan kasalxonada davolangan.
Aktrisa bunday vaziyatlarda inson oʻz-oʻzini himoya qilishi kerakligini aytadi. “Men kasal emasman, tez orada tuzalib ketaman”, — deb aytish kerak deya taʼkidlaydi Uzoqova.
Yulduz Usmonova
Oʻzbek sanʼati primadonnasi 2020-yilda ayni koronavirus vahimasi avj olgan vaqtda bronxial astmani boshdan kechirgan. U bir necha oy toʻshakka mixlangani va bu haqda muxlislariga hech nima demaganini aytgan.
Xonanda bunday vaziyatda juda tajribali shifokor uchragani uchun osonlikcha kasallikdan tuzalganini taʼkidlagan. U paytlarda vrachlar hammaga koronavirus tashxisini qoʻyavergani bois oʻlim holatlari koʻpaygani qoʻshimcha qilingan.
Zohid Risqiyev
“Ummon” guruhining sobiq aʼzosi Zohid Risqiyev 2022-yilning 29-sentyabr kuni mudhish yoʻl-transport hodisasiga uchragan. U oradan deyarli bir yil vaqt oʻtgach, oʻziga kela boshlagan.
Xonanda oyoqqa turgach, oʻzining tayyor klipini eʼlon qilgan. Ammo u hozirgacha yangi ijod namunalarini muxlislariga taqdim etmadi. Qoʻshiqchi hali ham yura olmaydi, tomogʻida ham qattiq shikastlangan.