РУ
O’Z
UZS
/
/
Shou-biznes: Soʻnggi yillarda plastik operatsiya qildirgan yulduzlar
29.09.2024

Shou-biznes: Soʻnggi yillarda plastik operatsiya qildirgan yulduzlar

Shou-biznes: Soʻnggi yillarda plastik operatsiya qildirgan yulduzlar

Ushbu maqolada tashqi koʻrinishini plastik operatsiyalar yordamida biroz yoki keskin oʻzgartirgan oʻzbek shou-biznes olami mashhurlari haqida soʻz boradi.

Oxirgi yillarda plastik jarrohlikning shou-biznes sohasida mashhurligi ortib bormoqda. Dunyo boʻylab taniqli yulduzlar plastik jarrohlik amaliyotlarini ommaviy ravishda qildirayotgan boʻlsa, bu trend Oʻzbekiston shou-biznesida ham oʻz aksini topdi. Estetik koʻrinish va yoshlikni saqlab qolishga intilish oʻzbek mashhurlar orasida plastik operatsiyalarga boʻlgan qiziqishni oshirdi.

Plastik jarrohlikka boʻlgan qiziqish sabablari

Shou-biznes olamida tashqi koʻrinish katta ahamiyatga ega. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yulduzlarning har bir qadamini kuzatib turadigan tomoshabinlar yulduzlarning tashqi koʻrinishidagi oʻzgarishlarga alohida eʼtibor beradi.

Bu bosim yulduzlarni yoshroq, goʻzalroq va oʻziga ishongan koʻrinishga intilishiga sabab boʻlmoqda. Biroq plastik jarrohlikning ommalashuvi faqat tashqi bosim bilan cheklanmaydi. Koʻplab mashhurlar uchun bu oʻz qiyofasini yaxshilash, oʻziga ishonchni his qilish va kasbiy muvaffaqiyatlarga erishishda yordam beradi.

Oʻzbek shou-biznesidagi misollar

Oʻzbekiston shou-biznesining ayrim mashhurlari plastik jarrohlik amaliyotlarini rad qilmaydi. Ushbu yulduzlar koʻpincha burun tuzatish (rinoplastika), yuzni yoshartirish (feyslifting), lab yoki yonoq shakllantirishga murojaat qiladi. Ular plastik jarrohlik orqali tashqi koʻrinishlarini oʻzgartirib, yangicha imij yaratadi.

Lola

2024-yilda tom maʼnoda diqqat markazida boʻlgan sanʼatkor Lola uchinchi farzandini dunyoga keltirgandan soʻng plastik jarrohlik amaliyotiga murojaat qilgan. Lola bu ishini yashirmaydigan kam sonli qoʻshiqchilardan.

Foto: Instagram / @lolaofficial_ (2018-yil)
Foto: Instagram / @lolaofficial_ (2023-yil)

U 2021-yilda mammoplastika operatsiyasini oʻtkazgan. Buning uchun Rossiyadagi mashhur oʻzbek shifokori Timur Haydarovga murojaat qilgan. Lola oʻzining kichik farzandini 2020-yil avgust oyida dunyoga keltirgan. Shundan keyin qomati biroz buzilganini aytgan.

Munisa Rizayeva

Xonandaning avvalgi qiyofasi bilan bugungi tashqi koʻrinish unchalik bir-biriga oʻxshash emas. Toʻgʻri, yosh ulgʻaygach, tabiiyki tashqi koʻrinish ham oʻzgaradi. Ammo xonanda tashqi koʻrinishidagi oʻzgarish faqatgina yillar bilan emas, plastik jarrohlik bilan ham bogʻliq ekanligini yashirmaydi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva (2019-yil)
Foto: Instagram / @munisarizaeva (2024-yil)

U 2014-yili burnini operatsiya qildirgan. Qoʻshiqchi burnining ustki qismidagi boʻrtib chiqqan suyak ekranda va suratlarda biroz xunuk koʻringan. Ilgari klip va konsertlarni tasvirga olish ishlarida tasvirchilar, montaj ustalari kerakli rakursda ishlay olmay juda qiynalgan. Rizayeva shu sababli plastik jarrohga murojaat qilgan.

Hosila Rahimova

Surxon elining mard qizi deya taʼriflanadigan xonanda ham bir necha bor plastik jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirgan. U bundan ikki yil oldin tugʻruqdan keyingi kesarcha-kesish amaliyotidan qolgan chandiqlarni jarrohlik yoʻli bilan toʻgʻrilatgan.

Foto: Instagram / @hosila_singer (2018-yil)
Foto: Instagram / @hosila_singer (2023-yil)

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist ham operatsiya boʻlganini yashirmaydi. Uning taʼkidlashicha, hech bir ayol oʻz tashqi koʻrinishiga befarq boʻla olmaydi. Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda ham plastik jarrohlik sohasi rivojlangani va narxlar hamyonbop ekani kishini xursand qiladi.

Dilfuza Ismoilova

“Toshkentning shoʻx qizi” sifatida tanilgan Dilfuza Ismoilova bu yil 56 yoshni qarshiladi. Uning harakatlari qoʻshiqda aytilganidek hamon shoʻx va quvnoq. Hayot qiyinchiliklarida toblangan ijodkor koʻnglidagilarni atrofdagilardan yashirmaydi. Aksincha, baxtli turmushi ortidagi qiyinchiliklar haqida odamlar bilishini istaydi.

Foto: Instagram / @dilfuza_ismailova (2019-yil)
Foto: Instagram / @dilfuza_ismailova (2023-yil)

U bundan bir necha yil oldin qovoqlarini operatsiya yoʻli bilan oldirgan. Sanʼatkor bunga majbur boʻlganini aytadi. “Oʻshanda qovogʻimga yara chiqib, qattiq ogʻriq qolgandi. U bir necha kunda kattalashib, koʻzimni ocholmay qolgandim. Shundan soʻng shifokorlar qovoqlarimni oldirishni maslahat berishdi”, — deydi Ismoilova.

Feruza Jumaniyozova

Xonanda uzoq vaqt ijodiy tanaffusda boʻldi. Buni ayrimlar taqiqlar bilan, boshqa birovlar esa xonandaning toʻlishib ketgani uchun sahnaga chiqishni istamayotgani bilan bogʻlashgan.

Foto: Instagram / @feruza_jumaniyozova (2020-yil)
Foto: Instagram / @feruza_jumaniyozova (2024-yil)

Qoʻshiqchi 2020-yilning noyabr oyida oshqozonni kichraytirish amaliyotini boshidan oʻtkazdi. U qisqa fursat ichida ortiqcha vazndan xalos boʻlib, ayni paytda yana faol ijodga qaytgan.

Mubina Abbosxonova

Mubinlolo nomi bilan tanilgan 20 yoshli instabloger oʻzining tashqi koʻrinishi bilan doim eʼtibor markazida boʻlib kelgan. Uning postlari ostida minglab heytga toʻla izohlar yoziladi. Ammo uning oʻzi bunday obunachilarga umuman eʼtibor bermasligini taʼkidlaydi.

Foto: Instagram / @mubinlolo (2023-yil)
Foto: Instagram / @mubinlolo (2024-yil)

U 2024-yil boshida rinoplastika operatsiyasini oʻtkazdi. Bloger burni qiyshiq ekanini doim taʼkidlab kelgan, mart oyida esa bu nuqsondan toʻla xalos boʻlgan. Mubina, shuningdek, mammoplastika operatsiyasini ham oʻtkazgan. Bu oʻziga boʻlgan ishonchni oshirganini aytadi.

Muborak Abdullayeva

Mashhur instabloger operatsiyaga qadar 130 kilogramm tosh bosganini aytadi. U qandli diabet bilan ogʻrigan. Shu sababli uzoq vaqtgacha hayotiga oʻzgartirish kiritishga qoʻrqqan. Ammo ijodkor 2023-yilda oshqozon kichraytirish operatsiyasini oʻtkazishga qaror qilgan.

Foto: Instagram / @muborakabdullayevaa (2023-yil)
Foto: Instagram / @muborakabdullayevaa (2024-yil)

U jarrohlik amaliyotini Turkiyadagi kasalxonada oʻtkazgan. Oʻshanda Abdullayevaning muxlislari unga omad tilab, narkozdan uygʻonishini uzoq vaqt kutishgan. Hozirda blogerning sogʻligʻi aʼlo darajada, u vazn insonning kayfiyatiga bevosita taʼsir qilishini taʼkidlab, hozir xursand ekanini aytadi.


Plastik operatsiya — kishi organizmidagi shikastlangan biror aʼzoning shakli va funksiyasini qayta tiklash, tugʻma va hayotda orttirilgan nuqson, kamchiliklarni toʻgʻrilash. Plastik xirurgiyada toʻqimalarning joyi oʻzgartiriladi, bemor gavdasining boshqa qismidan olingan toʻqimalar koʻchirib oʻtkaziladi