Sun’iy intellektni aynan siz xohlagandek ishlashiga qanday o‘rgatish mumkin? Yangi boshlovchilar uchun oddiy qo‘llanma

Bugungi kunda sun’iy intellektni (SI) kontent yaratishda – matnlar, tasvirlar, videolar yaratish uchun ishlatmaydigan odam deyarli yo‘q. Shunga qaramay, natija har doim ham kutilganidek chiqavermaydi. Ushbu maqolada neyrotarmoqni o‘z ehtiyojlaringizga mos ravishda ishlashga qanday o‘rgatish mumkinligi haqida so‘z yuritamiz. O‘z sun’iy intellekt yordamchingizni yaratish bo‘yicha tavsiyalar bilan “Wunder Digital” innovatsion raqamli “hab”ining kopirayterlar jamoasi yetakchisi Galina Taranova bo‘lishadi.
Sun’iy intellekt muammolari va ularning yechimlari
Spoiler: ushbu maqolaning hech bir jumlasi sun’iy intellekt yordamida yozilmagan. Kelajakda bunday belgilar sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentga nisbatan ishlatiladigan belgilardan ham muhimroq bo‘lib qolishi mumkin. Bugungi kunda sun’iy intellekt vositalari orqali realistik tasvirlar, videolar va aniq tuzilgan matnlarni osongina yaratish mumkin. Biroq SI tomonidan ishlab chiqarilgan ijodiy materiallar va nashrlar oqimi ortib borayotgan sari ularga nisbatan ishonchsizlik ham kuchaymoqda.
“G‘ayrioddiy vodiy” (uncanny valley) effekti – bu sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontent bilan tanish bo‘lgan ko‘pchilik duch keladigan holat.
SI yaratgan tasvirlar va videolar qanchalik haqiqatga yaqin bo‘lsa, ular shunchalik jozibali tuyuladi. Biroq muayyan chegaradan o‘tgandan so‘ng, kichik tafsilotlardagi nomuvofiqliklar sababli tomoshabinlarda salbiy his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Avvalgi qiziqish o‘rnini ishonchsizlik, qo‘rquv va rad etish hissi egallaydi.
Bunga 2024-yilda SI tomonidan ishlab chiqilgan “Coca-Cola”ning Yangi yil reklamasi misol bo‘la oladi.
AQShdagi bu kompaniya o‘zining 1995-yilgi kult reklamasi – “Bayram kelmoqda” roligini yangilashga qaror qildi. Buning uchun “Leonardo”, “Luma” va “Runway” neyrotarmoqlari jalb qilindi. Biroq rolik ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlar to‘lqinini keltirib chiqardi. To‘g‘ri SI dan foydalanish kontent tayyorlash resurslarini qisqartirdi, ammo tomoshabinlar reklama roligidagi vizual xatolarni “sun’iy” va “yetarli darajada ishlanmagan” deb baholashdi.
Matnlarga kelsak, internetda o‘rtacha sifatdagi kontentning hajmi geometrik progressiya bo‘yicha oshib bormoqda. Buning sababi oddiy: tez, qulay, hamyonbop. Har kim yozuvchi, kopirayter yoki ekspert rolini sinab ko‘rishi va bir necha daqiqa ichida matn yaratishi mumkin. Garchi bunday kontent ko‘pincha chuqur tahlil va o‘ziga xoslikdan yiroq bo‘lsa-da, foydali jihatlari ham bor. Misol uchun, tezkor javoblar, terminlarga izoh berish, oddiy qo‘llanmalar qisqa va aniq ma’lumot izlayotgan o‘quvchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, kontent hajmini oshirishga intilish jarayonida asosiy maqsad – o‘quvchiga foyda keltirish ekanini unutmaslik kerak.
10 ta farqni toping
Bugungi kunda sun’iy intellekt tomonidan yozilgan matnlarni inson yozgan matnlardan ajratish qiyinlashib bormoqda. Hatto SI ning o‘zi ham ba’zan mualliflikni aniqlashda qiynaladi. Ammo baribir SI yaratgan kontentni ajratib turuvchi ba’zi xususiyatlari mavjud.
- Hissiyot jihatdan neytral va rasmiy matnlar – agar oldindan aniq ohang belgilanmasa yoki so‘rov tafsilotlari yaxshi ishlab chiqilmasa, sun’iy intellekt ko‘pincha hissiyotlardan xoli, odatiy matn yaratadi. Unda ijodkorlik darajasi pastroq – SI matnlar odatda biz xohlaganchalik ijodiy emas. U hazil yoki qiziqarli uslub yaratish qobiliyatiga ega bo‘lsa-da, tajribali muallif yoki kopyrayter kabi mahorat bilan bajara olmaydi.
- Matnda ko‘pincha chuqur ma’no, ya’ni kontekst va madaniy o‘ziga xoslik yetishmaydi – SI faqat tarmoqda mavjud ma’lumotlarni yig‘ib, ularni kompilatsiya qiladi va qayta yozadi. Biroq u har doim ham tarixiy, ijtimoiy yoki madaniy nozik jihatlarni tushuna olmaydi.
- SI strukturalash, ya’ni tuzimlashni yaxshi ko‘radi – sun’iy intellekt yaratgan matnlar ko‘pincha ro‘yxatlar, tezislar va izohlardan iborat bo‘ladi. Bu ba’zan foydali bo‘lsa-da, ba’zi vaziyatlarda zerikarli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, mantiqiy xatolar va takrorlar – murakkab topshiriqlar bajarilganda ba’zan mantiqiy zanjirlar buzilishi yoki bir xil fikrlar qayta-qayta takrorlanishi mumkin. Bundan tashqari SI da fantaziya yoki noto‘g‘ri faktlar ham paydo bo‘lib qoladi – SI ba’zida bo‘lmagan ma’lumotlarni ham yaratishi mumkin. Bu “gallutsinatsiyalar” deb nomlanadi va sun’iy intellektning eng katta kamchiliklaridan biridir.
Sun’iy intellekt insonni kontent yaratishning barcha bosqichlarida almashtira olmaydi. Biroq u katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, qo‘lyozmalar yaratish, tayyor matnlarni tahrirlash, tarjima qilish va ijodiy g‘oyalarni generatsiya qilish kabi ishlarni sezilarli darajada osonlashtirishi mumkin.
Sun’iy intellektning to‘liq salohiyati faqat uni to‘g‘ri moslashtirgandagina ochiladi. Agar sun’iy intellektni o‘z vazifalaringizga mos ravishda sozlasangiz, u siz uchun ajralmas yordamchiga aylanadi. O‘zingizning shaxsiy SI-assistentingizni yaratib, unga ish jarayoningiz uchun muhim ma’lumotlarni “o‘rgating” – shunda u samarali vositaga aylanadi.
ChatGPT’da shaxsiy SI-assistent yaratish
1-qadam. Hammasi juda oddiy, buning uchun ChatGPT xizmatiga kiring, “Mening GPT’larim” bo‘limini tanlang va “Yangi GPT yaratish” tugmachasini bosing.

2-qadam. Assistentingizni moslashtirish
Shundan so‘ng siz avtomatik ravishda konfiguratsiya sozlamalari bo‘limiga o‘tasiz. Bu yerda siz assistentingizga ism berishingiz va uning vazifasini belgilashingiz mumkin (masalan, kopirayter, muharrir, kreator, ssenariynavis va h.k.). Assistent chat uchun nom va ikonkani mustaqil tanlashni taklif qiladi.
Yozish uslubini aniqlab, stilistik talablar va tahrir siyosatini belgilashingiz mumkin. Masalan, assistent aniq bir lug‘atlarga asoslansin, ba’zi elementlardan foydalanmasin (masalan, archali qo‘shtirnoqlar yoki “ё” harfi ishlatilmasin). Shu bilan birga, muloqotni boshlash uslubini sozlashingiz mumkin – u “Muzokarani boshlash” qismida ko‘rsatiladi.

Shuningdek, “Yaratish” bo‘limida assistentni test qilib, uzun va murakkab gaplardan qochish, faqat “siz” shaklida murojaat qilish yoki rasmiy uslubdan voz kechish kabi istaklaringizni qayta ko‘rib chiqishingiz mumkin.
3-qadam. Shaxsiy bilim bazasini yaratish
Sizning SI-yordamchingizni o‘z ehtiyojlaringizga moslashtirishning asosiy usuli – unga maxsus bilim bazasi yuklashdir. Albatta, sun’iy intellekt internetdagi ma’lumotlardan ham foydalanadi, lekin siz uni aniq manbalarga e’tibor qaratishga yo‘naltirishingiz mumkin. Buning uchun “Fayllarni yuklash” bo‘limidan foydalaning.

Bilim bazasiga nimalarni yuklash mumkin? Sizga kerak bo‘lgan har qanday kontent: PDF yoki DOCX formatidagi hujjatlar, jadvallar, rasm va grafik materiallar, muvaffaqiyatli maqolalar va matnlar namunasi, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, bosma nashrlar uchun press-relizlar, ish bo‘yicha qo‘llanmalar, kitoblar, marketing tadqiqotlari va ilmiy ishlanmalar. Natija yuklangan materialga bog‘liq, shuning uchun bilim bazasiga yetarlicha ma’lumot kiritish tavsiya etiladi.

4-qadam. Assistent imkoniyatlarini to‘liq ishga tushirish
Fayllarni yuklaganingizdan so‘ng “Imkoniyatlar” bo‘limiga o‘ting va barcha funksiyalarni faollashtiring. O‘ng tomonda joylashgan oynada assistentni test qilib, kerak bo‘lsa sozlamalarni o‘zgartirishingiz mumkin.
ChatGPT’da ishlash jarayonida istalgan vaqtda yordamchingizni chaqirish mumkin. Buning uchun uning ismini @ orqali kiritish kifoya. Agar ishlash davomida SI-assistentingizni o‘zgartirish kerak bo‘lsa, chatni tahrirlash mumkin. Buning uchun assistentni ishga tushiring, chap yuqori burchakdan uning nomini bosing, “GPT’ni tahrirlash” bo‘limini tanlang.

AI-assistentingizni jamoa bilan ishlatish
Shaxsiy SI-assistent faqat individual yordamchi bo‘lib qolmay, balki jamoaviy hamkorlik uchun ham qulay bo‘lishi mumkin. Uni boshqalar bilan bo‘lishish uchun havolasini nusxalash va hamkasblarga yuborish kifoya. Bu orqali har bir xodim uchun alohida assistent yaratish shart emas – tayyor bilim bazasi bilan yagona chatda ishlash mumkin.
Xulosa
Ko‘rib turganingizdek, shaxsiy SI-yordamchingizni yaratish ish jarayonini avtomatlashtirish emas, balki kontent sifatini optimallashtirish uchun muhim vosita. Kopirayter SI yordamida “sehrli tayoqchaga” emas, balki samarali ish quroliga ega bo‘ladi. U har qanday matn yaratish, tahrirlash va takomillashtirish jarayonida yordam beradigan shaxsiy kotiba vazifasini o‘tashi mumkin.