Botir Qodirov Jo‘rayevlarga nisbatan jiddiy murojaat bilan chiqdi
Xonanda Botir Qodirov otasi Sherali Jo‘rayevning “Bandaman” qo‘shig‘ini qayta kuylab, uni YouTube tarmog‘iga joylashtirgan edi. Qo‘shiq bir necha soat ichida platformada mualliflik huquqi buzilganlik vaji bilan bloklangan.
Yangi yilning ilk kunida Botir Qodirov otasi Sherali Jo‘rayevning “Bandaman” qo‘shig‘ini kuylagan videosi YouTube’ga joylashtirilgandi.
Xonanda kecha Instagram sahifasida ma’lum qilishicha, aka-uka Jo‘rayevlar tomonidan Botir Qodirov ijrosidagi “Bandaman” qo‘shig‘i videosi mualliflik huquqini buzganlik shikoyati bilan YouTube platformasidan blok qilingan.
Botir Qodirov bu holatdan achchiqlanib, Jo‘rayevlarga o‘z huquqlaridan foydalangan holda “javob qaytarmoqchi”. Bu haqida xonanda Instagram sahifasida shunday yozdi:
“Jo‘rayevlardan navbatdagi blok. Endi meni blok qildinglarmi? Yaxshi, unda men ham sizlarni blok qilaman, bunga mening ham haqqim bor! YouTube’dagi ko‘p sonli, to‘xtovsiz davom etayotgan bloklar sababli endi meros huquqlarimdan foydalanishga majbur bo‘laman”.