Toping.uzʼda afisha: Guliruxsor dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
Vanihoyat biz uzoq kutgan kuz fasli ham kirib keldi. Koʻchada havo keskin salqinlashgan. Bunday haroratda dam olish kunlarida poytaxtni maza qilib kezish mumkin. Bloger Guliruxsor Tohirjonova 7–8-sentyabr kunlari qayerlarga borishni rejalashtirgani haqida maʼlumot berdi.
Guliruxsor oʻzbek internetida oʻz yoʻnalishiga ega bloger hisoblanadi. U yoqimli ovozi, kitoblar haqidagi qiziqarli videolari bilan muxlislar koʻnglidan joy olgan. Toping.uz bloger bilan uning Toshkentdagi sevimli manzillari haqida suhbatlashdi.
Kino
Men odatda kino tomosha qilish uchun Tashkent City Mall savdo markazidagi Cinematica kinoatriga tushaman. U yerda tasvir va ovoz sifati juda yuqoriligi menga yoqadi.
Bundan tashqari, tabiat qoʻynida, ochiq osmon ostida namoyish etiladigan filmlarni tomosha qilish ham jonu dilim. Bunda asosan Yapon bogʻidagi kinoteatrni tanlayman.
— Premyeralarni esa eski Panorama, hozirgi Milliy kino sanʼati saroyida tomosha qilaman. Menga melodrama, jangovar va tarixiy janrdagi filmlar yoqadi. Ularda inson hayotining har bir jabhasi yorqin ranglarda yoritladi.
Teatr
Toʻgʻrisini aytsam, men asl sanʼat shaydosiman. Shu bois Diydor ekperimental teatr studiyasi, Oʻzbekiston davlat drama teatri va Oʻzbek milliy akademik drama teatrining asosiy tomoshabinlaridan biriman.
Teatr mavsumi yaqinda boshlandi. Endi butun kuz davomida mahoratli aktyorlarning betakror rollaridan bahramand boʻlishimiz mumkin. Allaqachon teatrlarda spektakllar namoyish boshlangan.
— Har doim teatrga borib turishni taklif qilaman. Bu nafaqat madaniy hordiq, balki yangi taassurotlar olish uchun ham yangi imkoniyatdir. Teatr bu hayot maktabi deb bejizga aytishmaydi.
Hordiq
Dam olish kunlarida butun hafta davomida yigʻilgan charchoqni chiqarish uchun jismoniy faoliyat bilan shugʻullanishni maʼqul koʻraman. Toʻgʻri, koʻpchilik ogʻir ish haftasidan keyin odatda divandan turmasdan uxlaydi. Ammo bu men uchun emas.
Bunday vaqtlarda darhol dugonalarim bilan muz uchishga boraman. Mashgʻulot nafaqat tanani, balki ruhiyatni ham yengillatadi. Barcha yigʻilgan gʻuborlarni chiqarib yuboradi. Faqat undan keyin mushaklar ogʻrishini hisobga olib qoʻyish kerak.
— Yana Sahna stendap klubidagi koʻngilochar tomoshalarda mehmon boʻlishni yoqtiraman. Oʻzbekistonda intellektual yumor sohasi ham rivojlanib borayotgani odamni xursand qiladi. Komiklarning dasturidagi chiqishlar hazildan koʻra haqiqatga koʻproq oʻxshaydi.
Xarid
Men kiyim tanlashga alohida mehr bilan yondashaman. Chunki ular egasining nafaqat tashqi koʻrinishini belgilaydi, balki ichki dunyosini ham yaqqol namoyon etadi.
Hozirda kiyimlarni Stradivarius, Zara va Selfie kabi doʻkonlardan xarid qilaman. Shuningdek, onlayn butiklardan ham tez-tez buyurtma beraman. Oʻzimga yoqadigan uslubda kiyim tiktirishim ham mumkin.
— Bir qancha vaqt oldin shaxsiy kiyim brendim faoliyatini boshlagandim. Uni koʻpchilik iliq kutib oldi, kiyimlarga oʻzgacha tarzda yondashilgani bois bozori chaqqon boʻldi. Ammo hozir ishlarim koʻpayib, brend faoliyati bilan shugʻullana olmayapman.
Ovqat
Kiyimlarga boʻlgani kabi mazali ovqatlar taʼtib koʻrishga ham ishtiyoqim baland. Menga turk, gruzin va oʻzbek milliy taomlari juda yoqadi. Shuningdek, shirinliklar yeyishni va babl choy ichishni xush koʻraman.
Yuqoridagi taomlarni tanovul qilish uchun asosan Galata turk, Afiyet, Efendi, Gruzin.uz, Boboy, Soy, Tandiriy va Kaspiyka restoranlariga borib turaman. Shirinliklar uchun Boba tea kafesini tanlaganman.
Galereya
Men tasviriy sanʼat namunalarini tomosha qilishni ham yoqtiraman. Har bir sanʼat asari oʻzining tarixi, hasratlari va kechmishlari haqida soʻzlab bergandek boʻladi goʻyo.
Odatda Bonum Factum galereyasiga yoki Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasiga koʻrgazmalarni tomosha qilish uchun boraman. Bu zallar yaxshi yoritilgani sababli suratlarni bemalol tomosha qilish mumkin.
— Shuningdek, meni oʻqiyotganlarga Bright Galleryʼdagi kulolchilik mahorat darslariga hamda Diaf art studio majmuasidagi epoksid smoladan kartina va soatlar yasash kursiga hech boʻlmaganda bir marta borib koʻrishni tavsiya qilaman.
Mashgʻulot
Kun davomidagi stress, charchogʻimni oladigan, menga energiya beradigan sevimli mashgʻulotim bu — raqs. U sanʼat turlari ichida eng foydalisi boʻlsa kerak, nazarimda.
Ispancha raqs bilan shugʻullanish uchun Sevora markaziga boraman. Bu joyning oʻzida ispancha raqsdan tashqari yoga, oʻzbekcha, arabcha raqslar hamda stretching bor.
— Avvallari Qilichbozlik federatsiyasida shu sport turi bilan muntazam shugʻullanganman. Hozirda qilichbozlikka qatnamayapman. Ammo sport inson salomatligi va ruhiyati uchun eng foydali mashgʻulot deb bemalol ayta olaman.