Toping.uzʼda afisha: Jasmina dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
Kuzning oʻrtasiga ham kirib keldik, oktyabrning navbatdagi haftasi ham tugamoqda. Poytaxt koʻchalari kuzga xos boʻlgan tillarangga burkangan, havo ham salqinlashib qolgan. Bloger Jasmina Yaxiyayeva bilan oltin kuz borasida suhbat olib bordik.
Hordiq
Aslida koʻchada aylanishni unchalik xushlamayman. Faqatgina bu yil dugonalarim bilan turli manzillarga bora boshladim. Bunga Instagram uchun videolar surat olish kerakligi turtki boʻldi.
Shunda ham orqa fon doim bir xil boʻlib qolgani sababli lokatsiyani almashtirishga majbur boʻlganimdan chiqishimga toʻgʻri kelyapti. Oddiy misol keltirishim mumkin. Magic Cityʼga mana shu yil birinchi marta bordim.
— Qisqasi shu, bir oʻzim koʻchalarni kezishni yoqtirmayman. Undan koʻra uyda oʻtirib, qoʻrqinchli janrdagi filmlarni tomosha qilganim maʼqul. Bundan tashqari, xohlagan ovqatimni buyurtma berishim ham mumkin.
Xarid
Men oyimning doʻkonlaridan kiyinishni maʼqul koʻraman. Nima xohlasam, shuni olib kela oladilar. Oyimning didi ham juda yaxshi. Mendan juda koʻplab taniqli insonlar kiyimlaringizni qayerdan olasiz deb soʻrashadi.
Ammo oyim Instagram yuritmaganlari sababli men mana shu doʻkondan olaman, ularda mana bunday variantlar bor deb koʻrsata olmayman. Yozdan boshlab Urban Revivo va Zaraʼdan ham shopping qilyapman.
— Menga asosan oyimning doʻkoni va Urban Revivo kiyimlari yoqadi. Toʻgʻri Revivo xarid narxi qimmatlik qilishi mumkin. Lekin u yerdagi mahsulotlar doimo oʻta sifatli va bejirim boʻladi.
Festival
Men oʻqish vaqtlaridanoq ishlab kelganman, shu bois turli koʻngilochar maskanlarga yoki tadbirlarga borishga imkonim boʻlmagan. Aynan festivallar borasida nimadir deyishim qiyin.
Oxirgi yillarda giyohvand moddalar taʼsiriga berilib ketgan yoshlar haqida koʻp xabarlar eshityapmiz. Buning barchasiga zerikish sabab boʻlsa kerak. Shu sababdan ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun turli tadbirlar tashkil etish lozim.
Men yoshlar qiziqishi mumkin boʻlgan istalgan yoʻnalishda festivallar oʻtkazilishi tarafdoriman. U xoh blogerlik boʻlsin, xoh kompyuter oʻyinlari boʻlsin, buning farqi yoʻq. Yoshlar bandligi taʼminlansa, ularni turli yomon illatlardan chalgʻitish mumkin deb hisoblayman.
Kino
Kinoteatrlarga ham tez-tez boraman deb aytolmayman. Men turmush oʻrtogʻim bilan faqat bir martagina kinoteatrga borganman. Shunda ham umr yoʻldoshim meni qoʻyarda-qoʻymay olib borganlar.
Oʻzim aynan shu sohada tahsil olganman. Xoreografiya, teatr kabi sanʼat turlarining ichida yurganim uchun bunday joylarga borishni yoqtirmayman. Chunki turli teatrlar menga u qadar qiziq emas.