Toping.uzʼda afisha: Kamola dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
Kuzning ikkinchi oyi ham tugab bormoqda, bu oyning navbatdagi haftasi ham oʻz nihoyasiga yetdi. Poytaxt koʻchalari kuzga xos boʻlgan tillarangga burkangan, havo ham keskin salqinlashdi. Bloger Kamola Xudjamova bilan oltin kuzdagi Toshkent haqida suhbat olib bordik.
Hordiq
Men Toshkent shahridagi Hamid Olimjon koʻchasida oʻsganman va oʻsha yerda maktabga qatnaganman. Bu Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Oloy bozori atrofidagi hududlardir.
Shuningdek, Moviy gumbazlar xiyobonini ham yaxshi koʻraman. Markaz-1 dahasini bir marta aylanib chiqsam, kayfiyatim darhol koʻtariladi. Chunki bu joylarda mening yoshligim oʻtgan.
Bundan tashqari, Mirzo Ulugʻbek nomidagi markaziy istirohat bogʻiga (sobiq Telman bogʻi) hamda Ekoparkka tez-tez borib turamiz. Hozirda Tashkent Cityʼni ham koʻp aylanyapman. Shahardan chiqish yoʻllarini ham yoqtiraman.
Kino
Men kinoga ham, teatrga ham koʻp tushaman. Alisher Navoiy, Ilhom, Muqimiy va Oʻzbekiston rus akademik drama teatrlariga koʻp boraman. Yilda toʻrt-besh marta tomoshaga tushaman.
Kinoga ham tez-tez borib turaman. Oxirgi marta City Mallʼda ochilgan IMAXga tushdim, menga juda ham yoqdi. Odatda oʻzimga yoqadigan film premyerasi vaqtida kinoteatrga boraman.
Shuningdek, farzandlarim bilan multfilm tomosha qilish uchun ham kinoteatrlarga boramiz. Bunda televizorda koʻrgandan koʻra koʻproq hissiyot olish mumkin. Shu bois odatda katta ekranlarda kino tomosha qilamiz.
Ovqat
Menimcha, har bir oʻzbek milliy taomlarni oʻz uyida koʻp yeydi. Shu sababli men koʻchada milliy taom yeyman. Uyda pishira olmaydigan taomlarni koʻchada tanovul qilishga harakat qilaman.
Bunda dengiz mahsulotlariga koʻproq murojaat qilaman. Masalan, Sыrovarnya restoranini yaxshi koʻraman. Oxirgi vaqtlar bunday turdagi ovqatlar tayyorlaydigan kafelar ham ancha koʻpayib qoldi.
Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda oʻzim uchun yangi manzil kashf qildim — bu Kurutob House. Tojikcha ovqat menga juda ham yoqdi. Fastfudni ham asosan koʻchada yeymiz.
Xarid
Yaqin-yaqingacha Oʻzbekistonda jahon brendlari mavjud boʻlmagani uchun men xorijdan kiyim buyurtma qilardim yoki chet el safariga chiqqanda xarid qilardim. Ayni paytda oʻzimizda ham koʻplab brendlar bor.
Mass-market doʻkonlari orasida Oysho, Massimo Duti va Zaraʼni yoqtiraman. Bundan tashqari, Acne Studios brendi kiyimlari ham sifati bilan ajralib turadi. Bunday doʻkonlardan kiyimlarni Toshkentning oʻzida xarid qilyapman.
Qimmatroq brendlardan Prada, Chanel va Dior mahsulotlarini xush koʻraman. Ulardan bir yilda bir marta oʻzim chet elga chiqqanimda yoki maxsus sotuvchilar orqali kiyimlar buyurtma qilaman. Kiyimlarni kiyib koʻrib sotib olgan maʼqul.
Shopingda doim odam oʻzining budjetidan kelib chiqib ish qilishi kerak. Budjetga moslash va doim uni nazorat qilish kerak. Xarid jarayonini mavsumda bir marta amalga oshirgan yaxshiroq, yaʼni uch oyda yoki olti oyda bir marta. Oʻz uslubingizga qarab, qayerdan shoping qilish kerakligini ham bilib olsangiz boʻladi.
Galereya
Men galereya yoki festivallarga koʻp boraman. Toshkentda musavvirlarning galereyalari koʻp tashkil etiladi. Bundan tashqari, Coca Cola va Pepsi brendlari ham katta-katta festivallar oʻtkazib borishadi.
Gullar festivaliga koʻp borganman. Poytaxtda festivallarni koʻproq oʻtkazish kerak, deb hisoblayman. Toshkentda madaniy hayot u qadar rivojlanmagan. Oxirgi marta Tashkent City Mallʼda boʻlib oʻtgan jadidlar haqidagi koʻrgazmaga borgandim.
Samarqandda oʻzbek choʻponlariga oid festival boʻlganda ham borganman, juda chiroyli boʻlgan. Hozir chetda ham koʻp oʻtkaziladi. Men oʻylaymanki, Oʻzbekistonning madaniyati festival oʻtkazishga, uning har bir jabhasini rivojlantirishga arziydi.
Bizlarda bu narsaga juda katta asos bor. Gʻarb davlatlari va sharq davlatlari ham festival oʻtkazishini xohlardim. Men yaxshi koʻraman. Masalan, rassom Akmal Nurning koʻrgazmasiga qayta-qayta borganman. Undagi asarlar meni oʻziga rom etgandi.
Onalarga tavsiya
Bolalarim hali kichkinaligi va ketma-ket tugʻilgani uchun ularni hozir koʻchaga olib chiqishdan oldin juda koʻp oʻylayman. Lekin farzandlarimning ijtimoiylashuvi uchun har hafta albatta dam olish kunlarida olib chiqaman.
Bolalarimni kinoga, oʻyin maydonchalariga, festivallarga olib boraman. Keyin koʻchada, turli bogʻlarda sayr qilishga oʻrgataman. Bu orqali koʻchada oʻzini madaniyatli tutishni oʻrganishadi. Koʻchaga koʻp chiqqanda, nimalarga eʼtibor beraman? Asosan zaxira kiyimlarni olishga eʼtibor beraman. Ularning yaxshi koʻrgan qiziqishlaridan kelib chiqib harakat qilamiz.
Masalan, narsalar yasashga, ganchkorlikka, rasm chizishga ham juda koʻp olib boraman. Yoki qaysidir teatr tomoshalariga koʻp boramiz. Masalan, yoshlar teatri, qoʻgʻirchoq teatri kabi joylarga ham juda koʻp qatnaymiz. Bolalar shunday tomoshalarni koʻrib ulgʻaysa, keyin oʻzlarida ham qiziqish paydo boʻladi. Oʻzlari ham boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga harakat qiladi.