РУ
O’Z
UZS
/
/
Toping.uzʼda afisha: Mehrigul dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirganini aytdi
01.08.2024

Toping.uzʼda afisha: Mehrigul dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirganini aytdi

Toping.uzʼda afisha: Mehrigul dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirganini aytdi

Yozning eng issiq oyi ham yakunlandi. Buyogʻiga salqin kunlargacha bor-yogʻi 30 kun qoldi. Ammo bu gʻanimat oyni xushkayfiyatda oʻtkazish zarur. Farmatsevt Mehrigul Aslanova dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirayotgani haqida maʼlumot berdi.

Safar

Dam olish kunlarida harorat biroz pasayishi xabar qilingandi. Shuni hisobga olib, jonajon shahrimizni qaytadan kashf qilishga qaror qildim va ikki qavatli avtobuslarda Toshkentni aylanib chiqmoqchiman.

Tashkilotchilarning aytishicha, ekskursiya ikki soat davom etadi, diqqatga sazovor joylar yaqinida toʻxtash joylari mavjud. Safar “Oʻzbekiston” mehmonxonasidan boshlanadi va 34 kilometr masofaga choʻziladi.

— Poytaxtni piyoda, avtobusda, metroda va mashinada yuz martalab aylanib chiqqanman. Ammo yangicha safar yangi taassurotlar berishiga ishonyapman. Safar davomida tarixiy faktlar berilib, milliy musiqa yangrashi eʼtiborimni tortdi. Tur uchun biletlarni iTicket.uzʼdan xarid qilmoqchiman.

Kino

Yoz fasli uzoq kutilgan premyeralar mavsumi desam, adashmagan boʻlaman. “Boshqotirma”, “Jirkanch kamina” va “Dedpul” filmlarining davomi taqdim etilgani bu faslni unutilmas qildi.

Joriy haftadan kinoteatrlarda “Harold va sehrli qalam” deb nomlangan fentezi janridagi film namoyish etilmoqda. Bu film oilaviy tomosha uchun moʻljallangan boʻlib, xayolparast bolakayning ulgʻayib, jamiyatda oʻz oʻrnini topishga qaratilgan harakatlari haqida hikoya qiladi.

— Kartina syutjetiga koʻra, Harold kitobda chizilgan oʻz dunyosida yashaydi. U sehrli qalam bilan xohlagan narsasini qila oladi. Qahramonimiz katta boʻlgach, oʻziga haqiqiy dunyo eshiklarini ochishga qaror qiladi. U doʻstlar orttirishga, jamiyatda oʻz oʻrnini topishga harakat qiladi va bu yoʻlda yana sehrli qalamdan yordam oladi.

Spektakl

Yakshanba kuni jiyanim bilan bolalar qoʻgʻirchoq teatriga borishni ham rejalashtiryapman. Buning uchun Silk Route Marionettes teatrini tanladik. Ekoparkdagi teatrda hozirda “Gʻayrioddiy musiqachilar” spektakli namoyish etilmoqda.

Tomoshabinlarning izohlariga koʻra, aktyorlar mahorati va sahna bezaklari dastlabki daqiqalardanoq sizni oʻrindiqqa mixlab qoʻyadi. Spektakl jamoa bilan muvaffaqiyatga erishish va doʻstlarning qadriga yetish haqida hikoya qiladi. U bolalar uchun ham, kattalar uchun ham mos keladi.

— Teatrda afishasidan, shuningdek, “Oppogʻoy uchun hayinchak” hamda “Olovuddin va uning sehrli chirogʻi” spektakllari ham oʻrin olgan. Bu tomoshalar butun hafta davomida namoyish etiladi. Teatrga oilaviy borgan maʼqul. Hududda mashinalar uchun avtoturargoh ham bor.

Master-klass

Human Houseʼda uzoq kutilgan rassomlardan biri Altinay Kisimshinova rahbarligida “Ona yer” nomli mahorat darsi boʻlib oʻtadi. Ishtirokchilarga 30x40 hajmdagi xolst va rang-boʻyoqlar taqdim etiladi.

Dasturga koʻra, mehmonlar kompozitsiya, makon va rang tushunchalari bilan tanishadi. Tashkilotchilar dars yakunida barcha ishtirokchilar jonajon yer va ona tabiatga munosabatini qaytadan kashf etishiga ishontirmoqda.

— Men bolaligimdan rasm chizishga qiziqqanman. Bu yillar oʻtib doimiy mashgʻulotga aylandi. Shu sababli bunday mahorat darslarini oʻtkazib yubormayman. U yerda koʻplab maslakdoshlar va ustozlar topish mumkin.

Kutubxona

Dam olish kunlarida Respublika bolalar kutubxonasida maʼrifiy dasturlar boʻlib oʻtadi. Men “Stol oʻyinlari ixlosmandlari toʻgaragi”ga aʼzo boʻlishni rejalashtiryapman. Klubning bu safargi yigʻilishi kutubxona hovlisida boʻlib oʻtar ekan.

Ishtirokchilar bor eʼtiborini “Katan” oʻyiniga qaratadi. Oʻyinchilarning vazifasi yogʻoch, loy, jun, don va ruda yordamida kerakli binolarni qurishdir. Ular qishloqlar, shaharlar, yoʻllar quradi, qoʻshnilar bilan savdo qiladi va oʻzini qaroqchilardan himoya qiladi. Birinchi boʻlib 10 ball toʻplagan kishi gʻolib boʻladi.

— Shu kuni “Inglizzabon kitoblar toʻgaragi yigʻilishi” ham boʻlib oʻtadi. Ishtirokchilar amerikalik yozuvchi Herman Parishning “Amelia Bedelia chalks one up” kitobini oʻqib, muhokama qiladi. PhD, ingliz tili oʻqituvchisi va AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimi Feruz Akobirov bilan birgalikda ular oilaviy yaqinlik va gʻamxoʻrlik tarixi bilan tanishadi.

Muharrirdan eslatma: Yuqorida sanab oʻtilgan ayrim tadbirlarga kirish pulli hisoblanadi. Shu sababli barcha faol havolalar orqali oʻzingizni qiziqtirgan tadbir haqida toʻliq maʼlumot olishingiz zarur. Dam olish kunlarini maroqli oʻtkazishingizni tilab qolamiz!