Toping.uzʼda afisha: Ruxsora dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirganini aytdi
Yozning soʻnggi oyi ham oʻz nihoyasiga yetib bormoqda. Meteorologlar ushbu dam olish kunlarida biroz salqin ob-havo boʻlishini taxmin qilishmoqda. Shu sababli bunday kunlarni havoga sovurmaslik kerak. Jurnalist-bloger Ruxsora Masharipova 17–18-avgust kunlari qayerlarga borishni rejalashtirayotgani haqida maʼlumot berdi.
Sayohat
Shanba kuni oqshomda Toshkent koʻchalarini piyoda sayr qilishni rejalashtiryapman. Bu sayohat umuman boshqacha formatda boʻlib oʻtadi. Yaʼni “Toshkent gapiradi” immersiv spektaklida qatnashib, quloqchin taqqan holda poytaxt koʻchalarini aylanaman.
Bu turdagi spektakl nisbatan yangi janr hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, loyiha katta mashhurlikka erishdi. Hozirda qatnashchilarga safar davomida ingliz va rus tillarida maʼlumot beriladi. Tez orada oʻzbek tili ham qoʻshilishi aytilgan. Safar narxi 180 ming soʻm.
— Yoʻnalish Anhor kanali qirgʻogʻidan, “Mutaxassislar uylari” yonidan, Alisher Navoiy koʻchasi, Mustaqillik maydoni, knyaz Romanov saroyi, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Davlat akademik katta teatri yonidan davom etadi va Lotte mehmonxonasida tugaydi.
Kino
Tan olish kerak, kino tomoshasi jon-u dilim. Odatda premyeralarni kinoteatrlarda tomosha qilaman. Ammo nostalgiya baxsh etuvchi filmlarni ham tez-tez koʻrib turaman. Bu insonga cheksiz ilhom tuhfa etadi.
Shu sababli 18-avgust kuni ochiq osmon ostidagi kinoteatrda “Qaysarning quyilishi” filmini qayta tomosha qilmoqchiman. Tashkent Cityʼdagi Ikat Cinema kinoklubi yakshanba kuni soat 20:50 da shedevrni namoyish etadi.
— Aktyorlar Adriano Chelentano va Ornella Muti ishtirokidagi ushbu film 1980-yilda suratga olingan boʻlib, ayollarning jamiyatdagi oʻrnini mensimaydigan dehqon yigit va uning hayotiga toʻsatdan kirib qolgan zamonaviy qiz hikoya qiladi.
Doʻkonlar
Bu safargi dam olish kunlarida Next savdo markazidagi yangi doʻkonlarni koʻzdan kechirishni rejalashtirdim. Kompleksning ikkinchi qavati taʼmirdan chiqqach, u yerda bir qancha brendlar faoliyatini boshlagan.
Shuningdek, birinchi qavatda mashhur Safia qandolatchilik uyi filiali ham ochilgan. Brendning shirinliklari doim kayfiyatimni koʻtaradi. Nextʼga borganimdan keyin, albatta, Safiaʼga kirib qaytaman. Bu men uchun anʼanaga aylangan.
— Ikkinchi qavatda Wow Store deb nomlangan doʻkon ochilgan. Unda qoʻl soatlari va aksessuarlar sotiladi. Bu yerda oʻzingiz uchun klassik, sport, universal, skeleton, premium va kundalik uslubdagi qoʻl soatlarini xarid qilishingiz mumkin.
Hashar
17-avgust kuni soat 10:30 da “Shanbalik” jamoasi tomonidan obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bu loyiha vakillari joriy yil yoz faslidan boshlab Toshkent shahrining eng chiqindilarga boy hududlarini tozalash bilan shugʻullanmoqda.
Shanba kuni “Pushkin” metro bekati atrofida ham hashar oʻtkazilar ekan. Men ham unda qatnashib, shahrimiz tozaligi uchun oʻzimning kichik hissamni qoʻshmoqchiman. Faqat joylar soni cheklangan, shu sababli tezroq roʻyxatdan oʻtish kerak.
— Ishtirokchilar qoʻlqop, suv va yelim xaltalar bilan taʼminlanadi. Chiqindilar oʻz toifasiga koʻra ajratilib, keyin qayta ishlash punktlariga topshiriladi. “Shanbalik” jamoasi aʼzolari shu paytgacha Botanika, hayvonot va Elbek bogʻlari atrofida hashar oʻtkazib, hududlarni obodonlashtirgan.
Stol oʻyinlari
Yakshanba kuni Respublika bolalar kutubxonasida Volfgang Kramerning “Sigir 006” boshqotirmasi oʻynaladi. Bu hisob va omad kombinatsiyasini qadrlaydiganlar uchun dinamik oʻyin.
Oʻyinda aygʻoqchi sigirlardan ehtiyot boʻlib, raqiblarning harakatini sinchkovlik bilan kuzatib, har xil tuzoqlardan qochish kerak. Bu oʻyin oʻtkir zehn va topqirlikni talab qiladi. Uni 13 yoshdan kattalar oʻynashi tavsiya qilingan.
— Ha, bu nisbatan yosh bolalar uchun interaktiv oʻyin. Lekin kattalar ham bemalol oʻynashi mumkin. Shu orqali bolajonlarning dunyosiga shoʻngʻib, ularning xatti-harakatlarini kuzatish va qiziqishlarini bilib olish mumkin.
Muharrirdan eslatma: Yuqorida sanab oʻtilgan ayrim tadbirlarga kirish pulli hisoblanadi. Shu sababli barcha faol havolalar orqali oʻzingizni qiziqtirgan tadbir haqida toʻliq maʼlumot olishingiz zarur. Dam olish kunlarini maroqli oʻtkazishingizni tilab qolamiz!