Toping.uzʼda afisha: Sabina dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirayotganini aytdi
Issiq ish haftasi ham oʻz nihoyasiga yetdi, sinoptiklar dam olish kunlari salqinroq boʻlishini prognoz qilmoqda. Demak, bunday kunlarni uydan chiqmasdan oʻtkazib yuborish xato boʻladi. Jurnalist Sabina Aliyeva 10–11-avgust kunlari qayerlarga borishni rejalashtirayotgani haqida maʼlumot berdi.
Koʻrgazma
Shanba kuni zamonaviy sanʼatning taniqli ijodkorlaridan biri Jahongir Boboqulovning koʻrgazmasi ochiladi. Namoyish Mirobod tumanidagi HLMRD galereyasida boʻlib oʻtadi.
Buxorolik rassom oʻzining bir qancha asarlari bilan sanʼat ixlosmandlariga yaxshi tanish hisoblanadi. Koʻrgazma 10-avgustdan 10-sentyabrgacha davom etadi. Unga kirish bepul etib belgilangan.
— Rassomning asarlarida tarixiy kolorit horgʻin ranglarda tasvirlanadi. Bu orqali uzoq oʻtmishning tushkun kayfiyati va kelajakdan uzilgan umidni koʻrish mumkin. Balki rassom bizga bu orqali yana koʻp mavzularni soʻzlamoqchidir.
Shopping
Oʻzi bu atamani bozorlik deyish qulay, chunki bu soʻzda juda koʻp maʼno mujassam. Ishga shoʻngʻib ketib, doʻkonlarni aylanishga ham vaqt boʻlmadi. Endi bilsam, mahalliy va xorijiy brendlar allaqachon kuzgi kolleksiyalarni sotuvga chiqaripti.
Tashkent City Mallʼda Inditex kompaniyasi brendlari, jumladan, Zara, Bershka va Pull&Bear doʻkonlaridan kiyimlar sotib olmoqchiman. Hozirda nafaqat yangi kolleksiya sotuvda, balki yozgi kiyimlarga katta chegirmalar ketayotgan ekan.
— Kiyimlar bilan bir qatorda aksessuarlar ham xarid qilishim kerak. Buning uchun Ozbe va Toʻrvaxalta brendlarini afzal koʻrdim. Ulardan kepka va shopper olmoqchiman. Bu orqali kichik bizneslarni rivojlantirishga va tabiatni asrashga oʻzimning kichkina hissamni qoʻshaman degan umiddaman.
Konsert
11-avgust kuni soat 20:00 da Renessans Hallʼda Ovoz teleshousining final bosqichi suratga olinadi. Dugonalarim bilan aynan shu konsertga bormoqchiman. Men finalda xonanda Annaga muxlislik qilaman.
Avvalroq shouning yarim finali boʻlib oʻtgandi va unda keyingi bosqichga kim chiqishini ustozlar emas, muxlislar hal qilgan. Shu orqali yakuniy bosqichga Umida Qozoqboyeva, Anna Gurjiyeva, Zafar Gʻofurov va Shohruhmirzo Gʻaniyev bosqichdi.
— Ushbu koʻrsatuv jonli efirga uzatilishi xabar qilingan. Shu sababli finalni nafaqat zalda, balki uyda oila davrasida ham tomosha qilish mumkin. Yakuniy bosqichni oʻtkazib yubormasdan, sevimli xonandalarimizni ovozlar bilan qoʻllab-quvvatlaymiz.
Kino
8-avgustdan Oʻzbekiston kinoteatrlarida “Chegara hududlari” (Borderlands) filmi premyera qilina boshlandi. Rejissyor Elay Hot tomonidan suratga olingan jangovar komediyada Kevin Xart, Keyt Blanshett va Ariana Grinblatt kabi jahon kinosi yulduzlarini koʻrish mumkin.
Olamdagi eng mashhur bosh ovlovchilardan biri Lilit ikki narsaga chiday olmaydi: oʻz sayyorasi boʻlgan Pandora va qaroqchi Atlas. Shunga qaramay, u ikkalasi bilan ham yuzlanishiga toʻgʻri keladi. U Pandoraga Atlasning qizini qidirishga borib, boshqa sarguzashtchilar bilan birlashadi.
— Keyin ular birgalikda begona irq vakillariga, shafqatsiz ovchilarga qarshi kurashishi, sayyoraning eng qorongʻu sirlaridan birini ochishi va dunyoni yaqinlashib kelayotgan yovuzlikdan qutqarishi kerak. Agar kimdir buni uddalay olsa bu, faqatgina ular boʻladi. Shunday ekan, bunday ajoyib filmni oʻtkazib yubormaslik kerak.
Tomosha
Toshkent sirki yangi mavsumni ochiq deb eʼlon qildi va aholini 10-avgustdan boshlab yangi “Katta sirk dasturi” tomoshalariga taklif qildi. Mehmonlarni qiziqarli shou kutmoqda.
Tomoshalar shanba va yakshanba kunlari boʻlib oʻtadi. Narxlar 40 va 50 ming soʻm etib belgilangan. Seanslar 15:00 va 18:00 da boshlanadi. Dastur avgust oyi oxirigacha davom etadi.
— Oʻzining boy tarixi va mahoratli jamoasiga ega sirk uzoq yillardan beri meni mahliyo etadi. Unda bolalik yillarimdan koʻplab xotiralar mavjud. Har bir tomosha, undagi aktyorlar bizga koʻp narsani oʻrgatadi goʻyo.