РУ
O’Z
UZS
/
/
Toping.uzʼda afisha: Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirayotganini aytdi
26.07.2024

Toping.uzʼda afisha: Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirayotganini aytdi

Toping.uzʼda afisha: Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirayotganini aytdi

Jazirama issiq va ishdagi bosimlardan keyingi charchoqni chiqarish uchun dam olish kunlarini intizorlik bilan kutyapmiz. Bu kunlarda poytaxtning turli manzillarida qiziqarli tadbirlar boʻlib oʻtadi. Jurnalist va suxandon Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirayotganini aytib berdi.

Kino

Toshkent kinoteatrlarida 25-iyuldan boshlab Marvel kinoolamining navbatdagi hit filmi “Dedpul va Rosomaxa” namoyish etilmoqda. Unga shunday baho berilmoqda: “Barcha superqahramonlar oʻz kuchi va irodasiga ishonadi. Ammo shunday hollar keladiki, ularni faqatgina doʻstlik qutqara oladi”.

— Men Dedpul va Rosomaxa qahramonlari ishtirokidagi barcha filmlarni tomosha qilganman. Ikkalasi ham oʻziga xos xarakter va jang uslubiga ega. Ularning bitta missiyani bajarayotganini koʻrish aqlbovar qilmas jarayondir. Filmni IMAX kinoteatrida koʻrmoqchiman.

Shuningdek, Skarlet Yoxanson ishtirokidagi “Menga Oyni koʻrsat” filmini tomosha qilishni ham tavsiya qilaman. Unda NASA zobiti va marketing sohasida faoliyat yurituvchi qiz oʻrtasidagi sevgi tasvirlangan.

— 1960-yillarda AQSH va SSSR oʻrtasidagi fazoviy poyga. NASA kosmonavtlari Oyga qoʻnishini tasvirga olish uchun marketing qirolichasi Kelli Jons jalb etiladi. U maxfiy xizmatlar topshirigʻi asosida soxta Oydagi soxta qoʻnish sahnasini ham tasvirga oladi.

Konsert

Dam olish kunlarida bir qancha koʻngilochar konsertlar va tadbirlar boʻlib oʻtadi. Jumladan, 27-iyul kuni soat 20:00 da Cinaraʼs restoranida Tohir Sodiqov ishtirokidagi konsert boshlanadi. Bilet narxi 750 ming soʻm. Konsertda fonogramma va jonli ijrodan foydalaniladi.

— Shanba-yakshanba kunlari Samarqanddagi Boqiy Shahar majmuasida diskoteka tashkil etiladi. Afsuski, men juda uzoqdaman. Ammo shu yerdagi doʻstlarimiz, albatta, raqs kechasi borishi kerak deb oʻylayman. U yerda soʻnggi yillarning eng mashhur taronalari ijro etiladi.

Madaniy hordiq

Poytaxtda “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimedia koʻrgazmasi ochilgan. Unda Turkistondan Germaniyaga oʻqishga yuborilgan talabalar va ularning mintaqa madaniy-maʼrifiy merosiga qoʻshgan hissasi haqida hikoya qilinadi.

— Adib Xolid aytganidek, jadidlar taraqqiyotga faqat maorif orqaligina erishish mumkinligini anglab yetgan. Shu sababli ham bu koʻrgazmani koʻrish kerak deb hisoblayman. Men doʻstlarim bilan interaktiv tadbirga qatnashib, oʻzim uchun koʻplab yangiliklar olishimga ishonaman.

Multimedia koʻrgazmasi Tashkent City Mallʼda boʻlib oʻtmoqda. Koʻrgazmada jadidlar davriga oid nodir arxiv materiallari: maktublar, maqolalar va fotosuratlar ham namoyish etiladi. Ularning aksariyati ilk bor jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.

Yigʻin uchun tadbirlar

Men uzoq yillar davomida futbolga qiziqmaganman, faqatgina talabalik yillarimda Oʻzbekistonning qator yutuqlarini koʻrib, futbolga mehr qoʻydim. Endi jamoamizning har bir muhim matchini tomosha qilyapman.

— Olimpiada oʻyinlari boshlandi. Jamoamiz Ispaniyaga qarshi oʻyinda yutqazgan boʻlsa ham, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatimiz saqlanib qolgan. Shanba kuni bizning futbolchilar Misrga qarshi bahs olib boradi. Bu oʻyinni doʻstlar bilan yigʻilib itv va mediabay platformalarida, Sport telekanalida yoki “Yunusobod” sport majmuasida tomosha qilish mumkin.

Jamoaning eng yoqimtoy oʻyinchilaridan biri Ibrohimhalil Yoʻldoshev vaqtincha safdan chiqarilibdi. Bunga uning oilaviy masalalari sabab boʻlgan ekan. Futbolchimizga tezroq jamoaga qaytishini, olimpiadachilarimizga esa Misrga qarshi oʻyinda irodali gʻalabaga erishini tilab qolamiz. Olgʻa, Oʻzbekiston!