РУ
O’Z
UZS
/
/
Toping.uzʼda afisha: Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
26.09.2024

Toping.uzʼda afisha: Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Toping.uzʼda afisha: Shahzoda dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Biz intiqib kutgan sentyabrning oxirgi haftasi ham tugab bormoqda. Poytaxt koʻchalari kuzga xos boʻlgan tillarangga burkangan, havo ham salqinlashib qolgan. Bunday vaqtda shaharni maza qilib aylanish mumkin. Bloger Shahzoda Abdusalom bunday kunlarda qayerlarga borishni yoqtirishi haqida maʼlumot berdi.

Hordiq

Toshkent shahrida sokin joylarni kezishni xush koʻraman. Bunga Botanika bogʻi, Ekopark va turli alleyalarni misol qilib keltirishim mumkin.

Ganga chorrahasida ham ajoyib yoʻlak va bogʻlar tashkil etilgan. Bu yerda ham koʻpincha sayr qilib, tabiat goʻzalligidan bahramand boʻlaman.

— Bunday xiyobonlar kichik yoshdagi farzandi bilan sayr qilayotgan ayollar uchun ayniqsa qulay. Bu yerda mashinalar piyodalarga xalaqit bermaydi.

Teatr

Toʻgʻrisini aytsam, anchadan buyon kino yoki teatrga tushganim yoʻq. Bunga turli sabablar bor. Ammo madaniy hordiq olishni doim yoqtirganman va premyeralar shaydosi boʻlganman.

Anchadan buyon teatrga tushib, tomoshalar koʻrishni rejalashtiryapman. Hozirda teatr mavsumi boshlangani uchun har xil qiziqarli tomoshalarni topishingiz mumkin. Bunga faqat vaqt kerak.

— Lekin bir jihatni aytish kerak. Bizda oxirgi yillarda teatr sanʼati biroz oqsayotgandek goʻyo. U yerga tomoshabinlar oqimi ancha kamayib qolgan. Bu masalani turli usullar bilan yechish mumkin.

Taom

Men Uzoq Sharq mamlakatlari oshxonasini juda yoqtiraman. Yapon, koreys milliy taomlarini jon-dildan yaxshi koʻraman. Bu ovqatlar orasida, albatta, sushi oʻzgacha boʻlib, ajralib turadi.

Bundan tashqari, turk milliy ovqatlarini ham sevib tanovul qilaman. Toshkentda Sıralı va Köşebaşı restoranlari ayniqsa bu borada ajralib turadi. Men restoran tanlashda bolalar maydonchasi borligiga ahamiyat qarataman.

— Shu bilan birga, yengil nonushta yoki mazali tushlik qilmoqchi boʻlsam, koʻpincha Bonʼga boraman. U yerda atmosfera ham oʻzgacha. Yoshlarning shoʻx-shaddod kulgisi, kattalarning baland muhokamalari hayot naqadar goʻzal ekanini eslatib turadi.

Xarid

Koʻp hollarda kiyimlarni oʻzimga ham, farzandimga ham chet eldan buyurtma beraman. Chunki xorijiy bozorlarda doimiy ravishda chegirmalar boʻlib turadi, shuning hisobiga sifatli mahsulotlarni hamyonbop narxlarda xarid qilish mumkin.

Oʻzimizda esa asosan Daisy Wish deb nomlangan doʻkondan kiyimlar sotib olaman. Ularda kiyim narxi va sifati bir-biriga mos keladi. Aksar milliy brendlarda oddiy matolardan kiyimlar ham juda baland narxlarda sotilishi meni hayratda qoldiradi.

— Shu bois chet eldan koʻproq kiyimlar buyurtma beraman. Men doim narx va sifatga alohida eʼtibor qarataman. Yuqorida taʼkidlaganimdek, Oʻzbekiston ichki bozorida kiyimlar narxi ancha baland, ammo sifat juda past. Bunga nima sabab ekanini esa bilmayman.

Festival

Oxirgi marta qachon yirik tadbir yoki festivallarga borganimni eslay olmayman. Ayni paytda farzand tarbiyasi bilan mashgʻulman. Aslini olganda, menga shovqin-suron koʻp ham yoqmaydi. Shu sabab bunday davralardan ham uzoqman.

Ammo turli musiqiy shoular va dasturlar koʻproq tashkil etilishi tarafdoriman. Shu bilan birga, bunday tadbirlar haqida keng omma xabardor qilinishi kerak deb oʻylayman. Chunki koʻp hollarda turli festivallarga faqat blogerlar taklif etilishini koʻraman.

— Aholining turli galereya va festivallarga qiziqishi yoʻqdir balki. Ammo bu fikr ham statistik jihatdan isbotlanmagan. Menimcha, bu turdagi tadbirlar odamlar uchun boʻladi. Shu sababdan aholining tashrifini taʼminlash asosiy masala boʻlishi kerak deb hisoblayman.

Eslatma, Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan turli koʻngilochar tadbirlar bilan tanishish va taqdimdan xabardor boʻlib turish uchun Toping.uz Telegram kanaliga obuna boʻlishingiz mumkin.