Toshkentdagi Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinadi
Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra, jarayonda Chorsu mehmonxonasi binosini demontaj qilish rejalashtirilgan.
Toshkent shahridagi Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.
Bu bo‘yicha 2-noyabr kuni yangi mehmonxona, biznes-markaz va turar-joy binolari qurilishini o‘z ichiga olgan loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Loyiha Drezdendagi Postplatz maydoni, Berlindagi EDGE Suedkreuz kabi inshootlarni rekonstruksiya qilish loyihalari muallifi — Germaniyaning “Tchoban Voss Architekten” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Qurilish ishlari 2025-yilda boshlanib, 3,5 yil davom etadi. Jarayon o‘zbekistonlik va xorijiy investorlar konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi. Majmuaning ochilishi esa 2029-yilga rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, loyiha qiymati $170 mlndan ortiq. Maydonni rekonstruksiya qilish 620 ish o‘rnini ta’minlab, Toshkent shahri fondiga qariyb 113 ming kv.metr turar-joy va tijorat ko‘chmas mulklarini qo‘shadi, deyiladi taqdimotda.
“Chorsu maydonining yangi qiyofasi poytaxtning Eski shahrini o‘zgartirib yuboradi. Bu yerda investitsiyalar va biznes uchun muhim jozibador nuqta paydo bo‘ladi. Bizning majmuamiz eng yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar ofislari uchun uyga aylanishini kutamiz”, — dedi loyiha ishlab chiquvchilar jamoasi rahbari Andrey Trebunskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi mehmonxona sayyohlarga eski Toshkentning qoq markazida eng yirik megapolislar darajasida qulay yashash imkonini beradi.
Jarayonda 2000-yillar boshida yopilgan “Chorsu” mehmonxonasi binosi demontaj qilinadi. Jamoatchilikka taqdim etilgan bir nechta loyihalar amalga oshirilmay, binoning texnik holati to‘xtab qolgan yillar davomida yomonlashib borgandi.