USAID Oʻzbekistonda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 6,1 mln dollar ajratdi
USAID Rivojlanish maqsadlari boʻyicha grant shartnomasi doirasida Oʻzbekistonga yana 6,1 mln dollar ajratdi. Umumiy summa 47 mln dollardan oshdi. Mablagʻlar boshlangʻich sinf oʻquvchilarining koʻnikmalarini oshirish, 8−11-sinflarda yoshlarga tadbirkorlik va iqtisodiy koʻnikmalarni oʻrgatish uchun sarflanadi.
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan davom etayotgan Rivojlanish maqsadlari boʻyicha grant shartnomasi (DOAG) doirasida qoʻshimcha moliyalashtirish uchun 6,1 million dollar ajratdi. Shu tariqa DOAGʻga jami investitsiya 47 million dollardan oshdi, deb xabar qildi AQSHning Toshkentdagi elchixonasi.
Yangi mablagʻ boshlangʻich maktab oʻquvchilarining asosiy koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradigan dasturlarni kuchaytiradi va 8−11-sinf oʻquvchilarini ishga joylashish va kelajak iqtisodiyotida ishtirok etish uchun zaruriy tadbirkorlik va iqtisodiy koʻnikmalar bilan taʼminlaydi, deyiladi xabarda.
Besh yillik DOAG shartnomasi 2019-yilda imzolangan. USAIDʻning Oʻzbekiston taʼlim sohasiga kiritgan sarmoyalari boshlangʻich sinflarda oʻqish va matematika koʻnikmalarini oshirish, ingliz tilida erkin muloqot qilishni yaxshilash, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari koʻnikmalarini rivojlantirish va ishga joylashish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.