Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradi
Loyiha qiymati 250 mln dollarni tashkil etib, qurilish ishlarini joriy yilning oktabrida boshlash rejalashtirilmoqda.
Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 8−11-sentyabr kunlari Xitoyning Futszyan provinsiyasi Syamen shahrida yigirma toʻrtinchi investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) boʻlib oʻtdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, mamlakat Bosh konsulxonasi, Andijon va Sirdaryo viloyatlari vakillari ishtirokidagi delegatsiyasining yarmarka maydonida mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyatini, eksportbop mahsulotlarini aks ettiruvchi pavilon tashkil etildi.
Tadbirlar davomida Xitoyning “Xiamen Jinming Energy” kompaniyasi va Andijon viloyati delegatsiyasi oʻrtasida memorandum imzolandi. Kelishuv chiqindini qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Uning qiymati 250 million dollarni tashkil etadi.
Loyiha Andijon tumani hududida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, qurilish ishlari esa joriy yilning oktabr oyidan boshlanishiga belgilangan. Buning uchun kompaniya vakillari viloyatga biznes-missiyasini amalga oshiradi. Shuningdek, tomonlar jami qiymati $100 mln boʻlgan 5ta istiqbolli loyihani koʻrib chiqmoqda.