РУ
O’Z
UZS
/
/
Yangi BYD Seal 06 GT hetchbeki taqdim etildi
03.09.2024

Yangi BYD Seal 06 GT hetchbeki taqdim etildi

Yangi BYD Seal 06 GT hetchbeki taqdim etildi

BYD kompaniyasi Chengdu avtosalonida ixcham Seal 06 GT hetchbekini namoyish qildi. Avtomobil BYD Seal sedaniga oʻxshash old qism dizayniga ega boʻldi. Salon pardozi uchun xaridor oq yoki toʻq koʻk rangni tanlashi mumkin.

Yangi modelning gʻildiraklar oraligʻi 2820 millimetrni tashkil etadi. Umumiy oʻlchamlari: uzunligi 4630 millimetr, eni 1880 millimetr, balandligi 1490 millimetr. Ogʻirligi 2060 kilogrammga teng.

Salonda ikkita ekran oʻrnatilgan: 10,25 dyuymli asboblar paneli va 15,6 dyuymli media tizim displeyi. 12 dyuymli old oynaga proyeksiya va ovozli boshqaruv tizimi mavjud. Ikki pogʻonali markaziy tunnelda stakanchalari, gadjetlarni simsiz zaryadlash uchun qoʻshaloq maydoncha va atrofida tugmachalari boʻlgan kichik transmissiya selektori joylashgan.

Hetchbek Seal sedanidagi kabi modernizatsiya qilingan e3.0 Evo platformasida qurilgan. Bazaviy versiyasida orqa gʻildirakka harakat uzatuvchi 218 ot kuchiga ega bitta elektr motori va 59,5 kVt∙soat quvvatli batareya oʻrnatilgan. Keyingi versiyasi 224 ot kuchiga va 73 kVt∙soatli akkumulyatorga ega. Yuqori modeli esa 73 kVt∙soat quvvatli akkumulyator va umumiy quvvati 422 ot kuchiga teng boʻlgan ikki motorli toʻliq yuritmali modifikatsiyaga ega boʻldi.

Xetchbek bir quvvatlashda 550 kilometr masofa bosib oʻtishi mumkin (CLTC sikli boʻyicha sinovdan oʻtkazilgan). Avtomobilning 100 km/soat tezlikka chiqishi 4,9 soniyani tashkil etadi. Barcha modifikatsiyalarning maksimal tezligi 200 km/soat darajasida cheklangan. Avtonom haydash uchun ikkinchi darajali DiPilot tizimi masʼul. 800 voltli arxitektura avtomobilga atigi 20 daqiqada 30 foizdan 80 foizgacha quvvat olishga imkon beradi. BYD kompaniyasining taʼkidlashicha, 80 foizdan 100 foizgacha quvvatlash vaqti atigi 18 daqiqani oladi.