2024-yilda 13,7 ming nafar yoshlar IELTSʼdan 7+ ball oldi
Oʻzbekistonda 2024-yilda 52 ming 706 nafar 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan. Ularning 1800 nafari 8 ball, 22 nafari esa maksimal — 9 ballni qoʻlga kiritgan.
Yoshlar ishlari agentligi 2024-yilda British Counsil hamda IDP IELTS imtihonida ingliz tilidagi bilimlarni baholash boʻyicha IELTS sertifikatini olgan oʻzbekistonlik yoshlarning sonini maʼlum qildi.
Unga koʻra, mazkur imtihonlarda 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilda 10 ming 152 nafarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda 52 ming 706 nafarga yetgan. Yaʼni 4 yilda 5 barobarga oʻsish kuzatilgan.
Xususan, 2024-yilda 28 ming nafardan ortiq 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar IELTSʼdan 5,5 va 6 ballni qoʻlga kiritgan. Bu natija OTMlarning bakalavriat bosqichiga topshirishda chet tilidan maksimal ball olish uchun yetarli hisoblanadi.
Shuningdek, 7−8 ball (C1 daraja)ni qoʻlga kiritganlar soni 2020-yilda 1807 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yil holatiga 13 ming 424 nafarga yetdi. Oʻz navbatida bu 7,4 barobarga oʻsish kuzatilganini anglatadi.
IELTSʼdan 8,5−9 ball (C2 daraja)ga erishganlar soni esa 2020-yilda 14 nafar boʻlgan, 2024-yil holatiga koʻra, ularning soni 332 nafarga yetdi. Jumladan, 2024-yilda mazkur imtihondan 22 nafar yosh maksimal ball oldi.