Oʻzbekistonda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlari tashkil etiladi


Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Unda prezident turistik markazlarda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlarini tashkillashtirish orqali turistlar oqimini oshirishni topshirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, Shahrisabzda “Oqsaroy”, Xivada “Ichan qalʼa”, Buxoroda “Labi hovuz”, Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston” maydonlari boʻlsada, ularda konsert, koʻrgazma, forumlar oʻtkazish boʻyicha reja qilinmagani koʻrsatib oʻtilgan.
Mamlakatdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sayyohlar bilan toʻlishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million turistni olib keladigan konsert, biznes forumi va koʻrgazmalar oʻtkazish dasturini ishlab chiqish topshirilgan.
Shuningdek, toʻliq oʻrganilmagan tarixiy obyektlar juda koʻpligini inobatga olib olimlar bilan birgalikda jozibador tarixiy obyektlarni aniqlash va restavratsiya qilish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi belgilangan.