2024-yilda eng qimmat avtoraqam qanchaga sotilgani maʼlum boʻldi


Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi 2024-yilda sotilgan “chiroyli” avtomobil raqamlarini asosan jismoniy shaxslar sotib olganini maʼlum qildi.
2024-yilda 195 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn auksionlar orqali sotilgan.
Sotilgan avtoraqamlarning 97 foizi jismoniy shaxslar, 3 foizi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 1,7 mln soʻmni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 965,3 mln soʻmni tashkil qildi.
Shuningdek, koʻrib chiqilayotgan davrda birja orqali umumiy qiymati 875,9 mln soʻmdan ortiq boʻlgan qariyb 64,3 mingta “yashil sertifikatlar” sotilgan. Birjada savdo ishtirokchilari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida ikki tomonlama qarama-qarshi auksioni ishga tushirildi.
Ikki tomonlama qarama-qarshi auksion birjaning savdo rejimi boʻlib, bozor narxlarini aniqlashning yanada samaraliroq usuli hisoblanadi. Mazkur savdo rejimida ikki tomon bir vaqtning oʻzida oʻz narx takliflarini berishlari mumkin. Buning natijasida raqobat nafaqat xaridorlar balki sotuvchilar oʻrtasida ham kuchayib boradi.