РУ
O’Z
UZS
/
/
Afsonaviy “Setora” katta sahnaga qaytmoqda: Guruhning yangi konserti haqida maʼlumotlar
22.11.2024 (yangilandi 22.11.2024)

Afsonaviy “Setora” katta sahnaga qaytmoqda: Guruhning yangi konserti haqida maʼlumotlar

Afsonaviy “Setora” katta sahnaga qaytmoqda: Guruhning yangi konserti haqida maʼlumotlar

Afsonaviy “Setora” guruhi uzoq yillik tanaffusdan soʻng sahnaga qaytyapti. Guruh soʻnggi bor 2004-yilda konsert dasturini muxlislar eʼtiboriga taqdim etgandi. Oradan roppa-rosa 20 yil oʻtib, 1–3-dekabr kunlari “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida afsonaning qaytishiga guvoh boʻlishingiz mumkin. “Setora” guruhi konsertdan avval OAV vakillari bilan matbuot anjumani oʻtkazdi.

Boshlovchi Davron Kabulov “Setora” guruhining tashkiliy ishlar boʻyicha prodyuseri sifatida guruh aʼzolari bilan birga matbuot anjumanida qatnashdi. “Setora” qizlari — Laylo, Feruza hamda Komila bundan yigirma yillar avval noyabr oyida soʻnggi konsertini bergani va yana noyabrning oxiri, dekabrning ilk kunlarida ularga “Xalqlar doʻstligi”ning eshiklari ochilayotganini oʻziga xos belgi deb bildi. Jurnalistlarning uzoq kutilgan konsertda qanday yangiliklar boʻladi, degan savoliga Komila Xoʻjayeva shunday javob berdi:

"Bizni uzoq yillar kutgan, sogʻingan muxlislarimiz bor, ular uchun eng hit darajasiga chiqqan, shlyager qoʻshiqlarimizni ijro etamiz. Bu biz uchun qaysidir maʼnoda ortga qaytish hissini tuyishimizga yordam beradi. Aynan 20 yil avval, 1-dekabrda “Tarona rekords”da bizning birinchi noxush suhbatimiz boʻlib oʻtgandi va “Setora” katta tanlov qarshisida qolgandi. Yillab tanaffusdan soʻng bizga chinakamiga ishonib qoʻllab-quvvatlagan inson Davron Kabulovdan chinakamiga minnatdormiz. Bizning konsert berishimiz fikri Davrondan chiqdi va bu fikr unga bir necha yillar avval kelgan ekan.

“Setora”ning konsertini kutayotgan muxlislarni suvga tashna boʻlib turgan insonga oʻxshatsa boʻladi. Eʼtiborni tortish uchun bu guruh oʻzgacha yoʻnalish, sahna dekoratsiyalari yoki qandaydir piarga muhtoj emas, deb oʻylayman. “Setora”ning shunchaki oʻzini sevadigan muxlislari bor. Qoʻshiqlar masalasiga kelsak, yangilik yoʻq emas, bor, albatta. Guruhning hech bir qoʻshigʻi konsertda eski talqinda boʻlmaydi.

Barchasi yangi talqinda, hozirgi ovozda kuylanadi. Agar birorta taronani eski talqinda eshitsangiz, bemalol mening ustimdan yozib berishingiz mumkin (kulib). Bu ishga harakatni shu yilning boshida boshlaganmiz. Konsertda fonogrammadan foydalanilayotgani tashkiliy ishlar bilan bogʻliq. Menimcha, konsertda fonogramma yoki jonli ijroda kuylashning ahamiyati u qadar katta emas. Eng muhimi, tomoshabin zavqqa toʻlsa, bas.

2019-yilda “Million” jamoasining konsertida “Setora”ni mehmon sanʼatkorlar sifatida sahnaga olib chiqishga birinchi qadamni qoʻygandim. Ularni sanʼat saroyining sahnasiga olib chiqquncha juda koʻp toʻsiqlarga duch kelganman, ammo buni oʻz jamoamga ham, guruh qizlariga ham aytmaganman. Oʻsha vaqtda guruhning yakkaxon konserti haqida biroz gaplashganmizu, lekin bu faqat orzu boʻlgan. Oradan besh yil oʻtib, oʻsha orzuning roʻyobini koʻrib turibmiz, deydi Davron Kabulov.

Muxbirning “Konsertdan keyin guruh toʻliq tarkibda ijodni Oʻzbekistonda davom ettiradimi?” degan savoliga Feruza Latipova javob berdi:

Albatta, ijodni davom ettiramiz, lekin shoshib, pala-partishlik bilan emas. Yangi ijod namunalarini sekin-sekin berib boramiz, yana konsert berish niyatimiz bor. Ammo, bilasiz, men Amerikada yashayman, shunday boʻlsada, bundan buyogʻiga Oʻzbekistonga tez-tez kelib turaman, dedi u.

Guruh aʼzosi Feruza Latipova uzoq yillardan beri AQSHda yashab, oʻsha yerda ijodini davom ettiryapti. U Amerikadagi oʻzbeklarning toʻylariga, kelin salom marosimlariga borib, xizmatda boʻladi, oʻzbeklar bilan hamnafas  yashaydi.

“Setora” guruhi aʼzolarining imiji oʻsha davrlarda oʻzbek qizlari orasida juda ommalashgandi. Konsertda oʻsha davr muhitini qaytarishga guruh qizlari vaʼda berdi.

Konsertda “Xayr maktabim” taronasidagi duetdosh Ravshan Sobirov sahnaga chiqadimi, umuman olganda, duet taronalar boʻladimi, degan savolga guruh aʼzolari “Bu sir, konsertga kelgan muxlislar bilib oladi” deya barcha tafsilotlarni boʻlishishni istamadi.