AQSHda McDonald’s burgeridan ommaviy zaharlanish va o‘lim kuzatildi
AQSHda McDonald’s fastfud tarmog‘ida burgerlar iste’mol qilgan 49 kishi zaharlandi, bemorlardan biri vafot etdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, The Guardian xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 10 kishi tibbiyot muassasalariga yotqizilgan. Zaharlanishdan vafot etgan shaxs koloradolik keksa erkak bo‘lgan. Kasalxonaga yotqizilganlar orasida bir bola ham bor, uning ahvoli og‘ir.
27-sentyabrdan 11-oktyabrgacha infeksiya Kanzas, Missuri, Nebraska va Viskonsin kabi o‘nta shtatda qayd etilgan. Eng ko‘p zaharlanish holati Koloradoda — 27 ta, undan keyin Nebraskada – 9 ta kuzatilgan. Barcha bemorlar zaharlanishning ilk belgilari paydo bo‘lgunga qadar McDonald’s’da ovqatlanganini ma’lum qilgan. Ularning ko‘pchiligi Royal Cheeseburger (Quarter Pounder) iste’mol qilgan.
Zaharlanish holatlariga qaysi masalliq sabab bo‘lgani ma’lum emas. Associated Press xabar berishicha, McDonald’s zaharlanish kuzatilgan shtatlardagi do‘konlardan Royal Cheeseburger tayyorlashda ishlatiladigan to‘g‘ralgan piyoz va mol go‘shti kotletlarini olib tashlagan.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga ko‘ra, gap E. coli O157:H7 infeksiyasi haqida bormoqda. Bu infeksiya har yili taxminan 74 ming kasallanish holatini keltirib chiqaradi. O‘rtacha 60 ga yaqin kishi bu infeksiyadan vafot etadi. Birjadan tashqari savdolarda McDonald’s aksiyalari keskin pasayib, 7 foizga tushdi.