Avstraliya kaft rasmiga qarab yoshni tekshirish texnologiyasini sinovdan oʻtkazmoqda


Qayd etilishicha, sunʼiy intellekt texnologiyasi qoʻlni kamera oldida 30 soniya harakatlantirish orqali oʻsmirlarning kaftini kattalarnikidan 99% aniqlikda ajrata oladi.
Avstraliya kaft rasmiga qarab yoshni tekshirish texnologiyasini sinovdan oʻtkazmoqda. Bu haqda “Crikey” nashri xabar berdi.
Sunʼiy intellektlarga ixtisoslashgan Needemand kompaniyasi barmoqlar harakatini kuzatib, oʻsmirlarning kaftini kattalarnikidan 99% aniqlikda ajrata oladigan texnologiyani taqdim etdi. Endi hujjatlar yoki yuzni koʻrsatish shart emas.
“BorderAge” nomli texnologiya foydalanuvchining qoʻl harakatlari videoyozuvlarini tahlil qiladi. “Needemand” kompaniyasining bosh operatsion direktori Jan-Mishel Politning aytishicha, mashinali oʻrganish algoritmlari 2017-yildan buyon toʻplangan oʻn minglab videoyozuvlar asosida oʻrgatilgan.
“Asab tizimimiz tugʻilishdan to voyaga yetguncha har kuni oʻzgarib turadi, shu sabab barmoqlar harakati ham yoshga qarab oʻzgaradi. Eng muhimi: barchasi anonim, pasport yoki selfi kerak emas, faqat qoʻlni kamera oldida 30 soniya harakatlantirish kifoya”, — deydi ishlab chiquvchilar.
Texnologiya ajin, qoʻl oʻlchami, tatu yoki taqinchoqlar kabi tashqi belgilarni eʼtiborga olmaydi, aksincha, faqatgina harakatlarga diqqat qaratadi.