Biznes-ombudsman tadbirkorlarni reklamani noqonuniy olib tashlash holatlari haqida xabar berishga chaqirdi
Qonuniy ravishda oʻrnatilgan tashqi reklamalarning egalari Biznes-ombudsman ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.
Toshkentda reklama bannerlarini demontaj qilish ishlari boshlangani haqida avval xabar berilgandi.
Poytaxt maʼmuriyati reklama tuzilmalari egalarini reklamani qonuniylashtirish va uni yagona dizayn kodeksi talablariga muvofiqlashtirishga chaqirdi. Biznes-ombudsman tadbirkorlar va tashqi reklama obyektlari egalariga ham murojaat qildi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrnatilgan tashqi reklama obyektlari qonun talablariga javob bermagan taqdirda, inshootlar tashqarisiga oʻrnatilgan plakatlar va eʼlonlar noqonuniy hisoblanib, belgilangan tartibda egalarining mablagʻlari hisobidan demontaj qilinishi kerakligini eslatdi.
Shu bilan birga, qonun talablari asosida oʻrnatilgan tashqi reklama obyektlari noqonuniy ravishda demontaj qilingan hollarda tadbirkorlarga 11-00 qisqa raqami orqali Biznes-ombudsmanga murojaat qilish tavsiya etiladi.