Botir Qodirov shaxsiy hayotiga oid katta sirni oshkor qildi
Xonanda Tojikistonda boʻlib oʻtgan konserti davomida muxlislariga shaxsiy hayotiga oid katta sirni aytib berdi.
Taniqli qoʻshiqchi Botir Qodirov 26-oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi amfiteatrda konsert berdi.
Xonanda dastur davomida oʻzining bir qancha hit taronalarini ijro etib, muxlislari bilan samimiy muloqotga kirishdi.
U zalda yigʻilganlar bilan suhbatlashar ekan, ularga bir haqiqatni aytishini bildirgan. “Men bundan 43 yil oldin Tojikistonning Dushanbe shahrida tugʻilganman”, — dedi sanʼatkor.
U konsert davomida Sherali Joʻrayevning qoʻshigʻini ham ijro etgan. Shuningdek, repertuardan oʻzbek xonandalarning bir nechta mashhur qoʻshiqlari oʻrin olgan.
Botir Qodirov 2024-yilda koʻplab shov-shuvlarga sabab boʻlgan ijrochi hisoblanadi. U marhum sanʼatkor Sherali Joʻrayevning oʻgʻli ekanini daʼvo qilib, sudga murojaat qilgandi.
Aka-uka Joʻrayevlar esa Qodirov faqatgina merosga sherik boʻlmoqchi ekani, ammo ularning dadasi uni oʻz oʻgʻli deb aytmaganini bildirgan. Bu holat fonida juda koʻp turli shov-shuvli xabarlar tarqaldi.
11-sentyabr kuni Botir Qodirov Sherali Joʻrayevning oʻgʻli ekani sud tomonidan rasman tasdiqlangandi. Ammo Joʻrayevning farzandlari Shohjahon va Zohirshoh bu maʼlumotni rad etishini aytib, sudga apellyatsiya berishini bildirgan.
Shundan soʻng Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan toʻylardan birida xonanda Botir Qodirov marhum sanʼatkor Sherali Joʻrayevning toʻngʻich oʻgʻli deb tanishtirilgan. Toʻyda boshlovchilik qilgan soʻz ustasi Avaz Oxun Qodirovni davraga taklif qilar ekan, uni Oʻzbekiston xalq artisti, sohirnafas xonandaning farzandi deya tanishtirgan.