Botir Qodirov va Joʻrayevlar ishi yuzasidan sudning yakuniy qarori eʼlon qilindi
Apellyatsiya sudi aka-uka Joʻrayevlarning shikoyatini qanoatlantirmadi: birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini oʻz kuchida qoldirdi. Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudi hal qiluv qarori bilan xonanda Botir Qodirov marhum xonanda Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb tan olingandi.
Joʻrayevlar ishi apellyatsiya sudida koʻrib chiqildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Toshkent shahar sudi matbuot kotibining tasdiqlashicha, apellyatsiya sudi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, aka-uka Joʻrayevlarning shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Botir Qodirovning otalikni belgilash haqidagi daʼvosi fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudida koʻrib chiqilib, sentyabr oyida hal qiluv qarori chiqarilgandi. Unga koʻra, sud Botir Qodirovni Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb topgandi.
“Botir Qodirovning javobgarlar Joʻrayev Shohjahon Sherali oʻgʻli va Joʻrayev Zohirshoh Sherali oʻgʻliga nisbatan otalik faktini belgilash haqidagi daʼvo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum, 2023-yil 4-fevralda vafot etgan Sherali Joʻrayev 1981-yil 5-mayda tugʻilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin”, deya sud qarorini oʻqigan edi oʻshanda ishni koʻrgan sudya.
Shuningdek, qarorda Botir Qodirovning Andijon shahar FHDY boʻlimida 1983-yil 11-mart 12-son bilan qayd etilgan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota ustuniga “Sherali Joʻrayev, 1945-yil tugʻilgan, millati oʻzbek” deb koʻrsatish ham belgilangandi.
Sud qaroridan soʻng xonanda Botir Qodirov OAVga intervyu berib, “eng ogʻriqli nuqtasini bosishmaguncha daʼvo arizasi kiritish niyati boʻlmaganini” aytib oʻtgan edi. “Boshqa chora qoldirishmadi, eng nozik nuqtamni bosishdi. Ularning qoʻrqayotgan nuqtasi – meros. Menga meros kerak emas. Yomon gapirmoqchi emasman, ular baribir mening ukalarim”, degandi xonanda.
Xonanda Zohirshoh Joʻrayev esa Kun.uzʼga bergan intervyusida sudning hal qiluv qaroridan norozi ekanini bildirib, dalil va isbotlar yetarli boʻlmay turib xulosaga kelingani uchun sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilishini maʼlum qilgandi.