Burger King yaqin oylarda Oʻzbekiston bozoriga kirishi kutilmoqda


Muassasalarni ochish uchun litsenziyani Pepsi va boshqa salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi International Beverages Tashkent kompaniyasi qoʻlga kiritdi. Unga butun Markaziy Osiyo hududini boshqarish taklif qilingan.
Avvalroq 18-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyodagi iqtisodiy tebranishlarning mamlakat soha va tarmoqlariga taʼsirini yumshatish qaratilgan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgani xabar berilgandi.
Muloqotda International Beverages Tashkent kompaniyasi taʼsischisi Shuhrat Ergashev davlat rahbariga 10 yil oldin mahalliy kompaniyalar “Burger King va McDonaldʼs ortidan chopib”, Oʻzbekiston bozoriga kirishni soʻrashganini qayd etdi. Bu haqda Oʻzbekiston 24 telekanali lavhasida soʻz boradi.
“Bugungi kunda biz ular bilan kelishib oldik, Oʻzbekiston [bozori] uchun litsenziya oldik. 2−3 oyda bizda Burger King nomli kompaniyalar ochiladi. Bu nafaqat Toshkent boʻyicha boʻladi, balki ular bizga markaziy ofisni Toshkentda ochib, butun Markaziy Osiyo uchun litsenziya berishni taklif qilishdi”, — dedi tadbirkor.
Uning qayd etishicha, xorijiy investorlar yangi bozorga kirishdan oldin ularda Burger King yoki McDonaldʼs kabilar bor-yoʻqligiga qiziqishadi. “Ular uchun bu sarmoya kiritishda muhim ijobiy belgidir”, — dedi Shuhrat Ergashev. Prezident unga ishlarida omad tiladi.