ChatGPT O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi


ChatGPT ishlab chiquvchisi bo‘lgan OpenAI sun’iy intellekt kompaniyasi O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. O‘zbekistonliklar undan 2023-yilning noyabr oyidan buyon foydalanib kelmoqda.
ChatGPT ishlab chiquvchisi bo‘lgan Amerikaning OpenAI sun’iy intellekt kompaniyasi O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, deya xabar bermoqda Spot.
8-aprel kuni kompaniya Soliq qo‘mitasining elektron xizmat yetkazib beruvchilarning maxsus platformasida ro‘yxatga olindi.
Shu bilan birga, AQShning DigitalOcean bulutli xizmatlar provayderi ham elektron xizmatlar yetkazib beruvchisi sifatida qo‘mitada hisobga olindi.
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy internet-kompaniyalari soni 67 taga yetdi. 2025-yil boshidan jami 7 ta kompaniya soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
ChatGPT — bu OpenAI tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt asosidagi muloqot tizimi bo‘lib, u birinchi marta 2022-yilning noyabrida taqdim etilgan. U foydalanuvchilarga turli xil topshiriqlarni bajarishda, maslahatlar berishda va umumiy savollarga javob topishda yordam beradi.