Diabet, vitiligo va hatto Daun sindromi bilan: bozorda muvaffaqiyat qozongan noodatiy Barbi qo‘g‘irchoqlari


Yaqinda o‘yinchoqlar ishlab chiqaruvchisi Mattel tarixda birinchi marta 1-tur diabetga chalingan Barbi qo‘g‘irchog‘ini chiqardi. Ushbu yangilik doirasida kompaniya diabet bilan yashovchi insonlarni qo‘llab-quvvatlash va tibbiy tadqiqotlar uchun 27 ming dollar ajratdi. Shu bahonada, biz ham so‘nggi yillarda Mattel tomonidan chiqarilgan eng qiziqarli inklyuziv Barbi qo‘g‘irchoqlari ro‘yxatini tuzdik.
Diabetli Barbi
Avval aytib o‘tilganidek, 1-tur diabetli Barbi – Mattel kompaniyasining yangi mahsuloti. Qo‘g‘irchoq to‘plamiga glyukoza darajasini o‘lchash uchun pushti sensor, insulin plastiri va oyog‘iga mahkamlangan insulin purkagich kiradi.

Qiziqarli fakt: bu qo‘g‘irchoq supermodel Keyt Mossning qizi Lila Mossga bag‘ishlangan. U diabet kasaliga duchor bo‘lgan va yangi Barbi uning vizual nusxasidir.

Eshitish apparatli Barbi
Eshitishida muammosi bo‘lgan insonlar orasida talab yuqori bo‘lgan Barbi: birinchi bo‘lib eshitish apparatli qo‘g‘irchoq. U quloqqa taqiladigan, yorqin pushti rangdagi apparat va yuqori qilib yig‘ilgan soch bilan bezatilgan. Aynan soch turmagi inklyuziv aksessuarga e’tibor qaratishga xizmat qiladi.

Qiziqarli fakt: ushbu qo‘g‘irchoq AQSHlik otorinolaringolog va audiolog Dr Jen Richardson bilan hamkorlikda yaratilgan.
Protezli va nogironlar aravachasidagi Barbi
Jismoniy imkoniyati cheklangan Barbilar eng birinchi paydo bo‘lgan va Yevropada eng ko‘p sotilgan mahsulotlarga aylangan. Mattel kompaniyasi nogironlar aravachasini ishlab chiqishda shifokorlar bilan bir qatorda muhandislarni ham jalb qilgan.

Qiziqarli fakt: ishlab chiqishda qo‘li protezli 12 yoshli Jordan Rivz ham qatnashgan. U qo‘g‘irchoq uchun maksimal realistik qurilma yaratishga yordam bergan.

Vitiligoga chalingan Barbi
Teri pigmentatsiyasi buzilgan (vitiligo) Barbi esa mashhur model Vinni Xarloga o‘xshash qilib yaratilgan. Bu qo‘g‘irchoq bolalarga real hayotni anglatish va go‘zallik ko‘p qirrali bo‘lishini tushuntirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qiziqarli fakt: vitiligoga chalingan Barbi yaratishda kompaniya yetakchi dermatologlar bilan maslahatlashgan va teridagi oq dog‘larni iloji boricha realistik aks ettirishga harakat qilgan.
Alopetsiaga chalingan Barbi
“Sochsiz” Barbi chiqarilishi ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Tanqidlarga javoban ishlab chiqaruvchilar quyidagicha bayonot berdi: bu qo‘g‘irchoq sochi to‘kilayotgan bolalarga o‘zlarini topish va o‘z aksini ko‘rish imkonini berish uchun yaratilgan.

“Qizaloqda qandaydir sabab bilan soch to‘kilishi kuzatilsa, u bu turkumdagi qo‘g‘irchoqda o‘zini tan oladi”, — deyiladi press-relizda.
Daun sindromli Barbi
Bu Barbini yaratish uchun Mattel kompaniyasi Daun sindromi bilan yashovchilar milliy jamiyati (NDSS) bilan hamkorlik qilgan. Mutaxassislar bilan birga yuz tuzilishi va tana xususiyatlari borasida realistik qo‘g‘irchoq ishlab chiqilgan.

Qiziqarli fakt: Barbida maxsus aksessuar – 21-xromosomaning 3 nusxasini anglatadigan marjon bor. Aynan shu genetik o‘zgarish insonda qo‘shimcha 47-xromosomaning mavjudligiga sabab bo‘ladi.

Kompaniyaning reklama yuzi sifatida Daun sindromiga ega model Elli Goldshteyn tanlangan, u Vogue kabi mashhur jurnallar uchun suratga tushgan.