РУ
O’Z
UZS
/
/
Yaxshiroq bo‘lishga yordam beradigan 10 ta motivatsion film
02.09.2024

Yaxshiroq bo‘lishga yordam beradigan 10 ta motivatsion film

Yaxshiroq bo‘lishga yordam beradigan 10 ta motivatsion film

Motivatsiya izlayotgan bo‘lasizmi yoki shunchaki ilhom manbainimi, farqi yo‘q: bu filmlar hayotingizni yaxshilashga yordam beradi va sizni ijobiy quvvat bilan to‘ldiradi.

Shoushendan qochish

Mazkur film inson ruhining butun qudratini namoyon etadi. Bosh qahramon Endi Dyufreyn qotillik uchun nohaq hukm qilinadi, lekin shunga qaramay umidini yo‘qotmaydi va qamoqxonada nafaqat omon qolish, balki muvaffaqiyatga erishish yo‘lini ham topadi. Bu asar hatto chiqish yo‘li ko‘rinmaydigan vaziyatda ham o‘zingizga va maqsadlaringizga bo‘lgan ishonchni saqlab qolish naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Zero, tunnelning oxirida intizorlik bilan kutilgan ozodlik nuri porlaydi.

Hammasi og‘ir

Film emas, balki kimyo o‘qituvchisi Uolter Uaytning kutilmaganda narkobaron bo‘lib qolishi haqida hikoya qiluvchi serial. Buning sababi unga bedavo saratonning tashxisi qo‘yilganidadir. Asarning g‘oyasi oddiy: inson hayotning tubidan yuqoriga ko‘tarilishi mumkin. Ushbu asarda oilaning qadr-qimmatiga ham urg‘u beriladi – qahramon o‘z yaqinlari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga intiladi.

Shindler ro‘yxati

‘‘Shindler ro‘yxati’’ – Xolokost davrida yahudiylarni qutqargan inson haqidagi og‘ir, biroq ilhomlantiruvchi film. Shu maqsadda tadbirkor Oskar Shindler o‘z hayoti va mol-mulkini xavf ostiga qo‘yadi. Shindler qissasi tomoshabinlarga har bir kishi, garchi uning harakatlari dastlab arzimas va ahamiyatsiz tuyulsa-da, dunyoni yaxshilashga qodir ekanini o‘rgatadi. Bu esa mehr-shafqat va insoniylikni bildiradi..

Meni esla

Bu muhabbat, yo‘qotish va oilaning ahamiyati haqidagi hikoyadir. Bosh qahramon Tayler og‘ir hayotiy sinovlardan o‘tadi – akasining vafoti va otasi bilan murakkab munosabatlar. Shunday bo‘lsa-da, u sevgi va hayotning ma’nosini topadi. Film bizga eng mushkul vaziyatlarda ham sevgi va kechirimli bo‘lish uchun kuch topa olish kerakligini eslatadi. Hayotda esa doimo umid va yangi imkoniyatlar uchun o‘rin topiladi.

Pele: Afsonaning tug‘ilishi

Barcha zamonlarning eng buyuk futbolchilaridan biriga aylanish jarayonini aks ettiruvchi motivatsion biografik drama. Pele tarixi o‘ziga ishonch, mashaqqatli mehnat va qat’iyatlilik orzularni qanday ro‘yobga chiqarishini ko‘rsatadi. Pele kambag‘allikdan jahon shuhratigacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi va uning hayot yo‘li qiyinchiliklar va shubhalarga qaramay, bizni o‘z orzularimiz sari intilishga undaydi.

Interstellar

“Interstellar’’ nafaqat kosmik sayohatlar haqidagi ilmiy-fantastik film, balki oila, muhabbat va insoniyatni qutqarish haqidagi teran qissadir. Film insoniyat ruhi yengilmas va hatto xavfli sharoitlarda ham har narsaga qodir ekanligini ko‘rsatadi. Bosh qahramon Kuper insoniyatni qutqarish uchun koinotga yo‘l oladi. Uning ishga fidoyiligi bizni ilhomlantiradi va farzandlarimiz kelajagi yo‘lida qurbon bo‘lishdan qo‘rqmaslik kerakligini anglatadi.

Uolter Mittining ajoyib hayoti

Bu film yo‘qolgan suratni izlab, g‘ayrioddiy sayohatga otlangan illyustratsiya bo‘limning kamtar xodimi haqida. Doim sarguzashtlarni orzu qilgan, ammo tavakkal qilishdan qo‘rqqan Uolter, nihoyat kundalik hayotini tark etadi. Film bizga hayotni o‘zgartirish, haqiqiy ehtiros va hayotiy maqsadni topish uchun hech qachon kech emasligini o‘rgatadi.

Uoll-strit bo‘risi

Leonardo DiKaprio bosh rolni ijro etgan ‘‘Uoll-strit bo‘risi’’ filmi birja brokeri Jordan Belfortning ko‘tarilishi va qulashi haqidagi voqeani tasvirlaydi. Garchi film boylikka intilishning ham ijobiy, ham salbiy tomonlarini ko‘rsatsa-da, u qat’iyatli va sabot bilan harakat qilishga undaydi — bular har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishning asosiy omillaridir. Biroq, bu yerda ham oqibatlar haqida unutmaslik lozim.

Xizmatkor

Adolat va tenglik uchun kurash haqidagi ilhomlantiruvchi drama. Film 1960-yillardagi Amerika afro-amerikalik uy xizmatkorlarining o‘z ovozlarini ko‘tarib, adolatsiz munosabat haqida gapirish uchun jasorat topganlari haqida hikoya qiladi. Kamsitish va adolatsizlik sharoitida ayollarning jasorati va matonati o‘z huquqlari uchun kurashishga hamda zaifroq va yordamga muhtoj bo‘lganlarni himoya qilishga ilhomlantiradi.

Sir

‘‘Sir’’ nomli film shu nomdagi kitobga asoslanib, ijobiy fikrlash kuchi va jalb etish qonunini tadqiq etadi. Film tomoshabinlarga fikr-u niyatlarimiz voqelikka bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini, ijobiy kayfiyat esa muvaffaqiyat va baxtni o‘ziga tortishini namoyish etadi. Filmning motivatsion murojaati shundan iboratki, har bir inson o‘z hayotini yaxshilashga qodir, buning uchun tafakkurini o‘zgartirish va aniq maqsadlarni belgilash kifoya qiladi.