Hafta davomida harorat pasayib, joylarda yomg‘ir yog‘adi


O‘zbekistonga hafta davomida salqin va nam havo massalari kirib keladi. Joylarda harorat +22…+25 darajagacha pasayadi, aksariyat hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududiga salqin va nam havo massalari kirib kelishi davom etadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Markaziy va sharqiy viloyatlar bo‘yicha ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Faqat dushanba kunduzi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ba’zi joylarda, seshanba kuni Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Ba’zi joylarda shamol 13−18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Dushanba kunduzi havo harorati +27…+32 daraja, seshanba kuni +22…+25 daraja, 28−30-mayda +25…+30 daraja, ba’zi joylarda +32 darajagacha bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida dushanba kunduzi qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +29…+31 daraja bo‘ladi. Seshanbada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +23…+25 daraja bo‘ladi.
Chorshanba kuni kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat +28…+30 daraja bo‘ladi. 29−30-may kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 29-mayda kechga tomon, 30-mayda kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol vaqti-vaqti bilan 12−14 m/s gacha kuchayadi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.