“Man Siti” futbolchisi Vitor Reys Abduqodir Husanov haqida fikr bildirdi


“Manchester Siti”ning braziliyalik himoyachisi Vitor Reys o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov haqida gapirdi. Bu haqda CityXtra nashri o‘zining X’dagi (sobiq Twitter) sahifasida ma’lum qildi.
Futbolchi “shaharliklar” matbuot xizmatiga bergan intervyusida Manchesterga kelgan paytidagi qiyinchiliklar va Husanov bilan yaqin bo‘lib ketganligi sabablarini aytdi:
Husanov bilan bir vaqtda klubga kelganman. Shu bois u bilan tezda yaqin do‘st bo‘lib qoldik. Jamoaga yangi kelganimiz uchun klubdagi ko‘pchilikni yaqindan tanimasdik. Birinchi kuni u bilan birga qahvaxonaga bordim. Ko‘p narsalarda birgalikda harakat qildik. Hozir Abduqodir bilan aka-ukadekmiz.
Dastlabki kunlar til borasida qiyinchiliklar bo‘ldi. Na men, na u ingliz tilini yaxshi bilmasdik. Ko‘p narsani bir-birimizga imo-ishoralar bilan tushuntirardik, deydi Vitor.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov qishki transfer oynasi paytida “Lans”dan “Manchester Siti”ga o‘tgan edi. Reys esa Braziliyaning “Palmeyras” klubidan “shaharliklar” a’zosiga aylangan.
Husanov joriy mavsum ingliz klubi tarkibida 9 ta uchrashuvda ishtirok etib, 1 gol muallifiga aylangan. Braziliyalik himoyachi 3 ta bahsda “Siti” sharfini himoya qilgan.