BYD O‘zbekiston bozori uchun yangi moddellarni taqdim etdi
BYD kompaniyasi Toshkentdagi festival doirasida o‘zining avtomobillari ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston bozori uchun yangi modellarini taqdim qildi. Ular 2025-yilda sotuvga chiqishi reja qilinmoqda. Namoyish 25-noyabrgacha davom etadi.
Toshkent shahrida 22−25-noyabr kunlari o‘tkazilayotgan BYD e-Mobility Festa 2024 festivali doirasida BYD avtomobillari ko‘rgazmasi va yangi modellar namoyishi o‘tkazildi.
Kompaniya tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tayotgan tadbirda O‘zbekiston bozoriga olib kirilishi reja qilinayotgan bir qancha yangi modellar taqdim qilindi.
Denza Z9GT
Lyuks elektromobillar qatoridagi premium avtomobil hisoblangan Denza Z9GT elektromobil va gibrid versiyalarda taklif etiladi. Salon massaj funksiyali o‘rindiqlar, muzlatgich va yuqori darajadagi audiosistema kabilar bilan ta’minlangan.
Denza D9
Premium sinfdagi 7 o‘rindiqli lyuks minivan Denza D9 elektr va gibrid versiyalarda taklif etiladi. Ikkinchi qator o‘rindiqlari massaj funksiyasi bilan jihozlangan, salonda havo tozalagich va katta monitorlar o‘rnatilgan. Ushbu model katta oilalar va biznes safarlar uchun mo‘ljallangan.
Sealion 07
Sealion 07 elektromobilida 301 dan 523 ot kuchigacha quvvat taklif qilinadi. Salon katta bagaj, keng va aylanuvchi sensor ekran kabi funksiyalar bilan jihozlangan.
Shuningdek, Qin L, Bao 8, Bao 5, Yangwang U8 kabi modellar ham taqdim qilingan. Mazkur modellar 2025-yildan boshlab sotuvga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda ularning narxi noma’lum.